2025-yilda 15 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Haj ziyoratini ado etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yildagi "Haj-2025" mavsumi davomida O'zbekistondan 15 mingdan ziyod hojilarning Haj amallarini tartibli va namunali ado etishlari ta'minlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur tashkiliy ishlar O'zbekiston Din ishlari bo'yicha qo'mita, Musulmonlar idorasi va ishchi guruhi a'zolari hamda mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi va Jiddadagi Bosh konsulxonasi ko'magida amalga oshirildi.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston hukumati tomonidan "Haj-2025" mavsumini tayyorlash va tashkil etish bo'yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan yuqori baholandi.
Joriy yildagi Haj mavsumiga o'zbekistonlik hojilarning Saudiya Arabistoniga kelishlari 13 maydan boshlanib, 30 mayga qadar davom etdi. Shuningdek, Haj ibodatlari tugaganidan so'ng yurtimiz hojilarining O'zbekistonga qaytib ketishi 12 iyundan boshlandi. So'nggi hojilarimiz 29 iyun kuni havo qatnovlari orqali Vatanga qaytishdi.
O'zbekiston hojilariga yengillik yaratish maqsadida Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi Podshoh Abdulaziz xalqaro aeroportidan mamlakatimizning bir qator viloyatlariga to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yildi.
O'zbekistonlik hojilarning sog'liqlari va sihat-salomatliklariga alohida e'tibor qaratish masalasida O'zbekiston hukumati tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar ko'rilishiga qaramay, bu yilgi Haj ibodati paytida kuzatilgan jazirama natijasida va surunkali kasalligi bo'lgan to'rt nafar vatandoshimiz Saudiya Arabistonida vafot etdi.
Shuningdek, O'zbekiston musulmonlari idorasining ogohlantirishlariga qaramay bu yilgi Haj mavsumiga noqonuniy yo'llar bilan borgan yana to'rt nafar vatandoshimiz ushbu mamlakatda olamdan o'tdi.
Bundan tashqari, Haj ibodati tugaganidan so'ng Bosh konsulxonaga 40 nafardan ziyod ziyoratchilar xorijga chiqish pasportlarini yo'qotgani bois O'zbekistonga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish uchun murojaat qilgan.
Ta'kidlash kerakki, mazkur "Haj-2025" mavsumida yurtimizning Jiddadagi Bosh konsulxonasi O'zbekiston fuqarolariga barcha zarur konsullik-huquqiy yordamni tezkorlik bilan ko'rsatib kelmoqda.
Muxtasar aytganda, "Inson qadri hamma narsadan ustun" tamoyili O'zbekiston siyosatining eng ustuvor jihatlaridan biri ekani va bu g'oya hayotimizga tadbiq etilayotganiga "Haj-2025" mavsumi davomida yana bir bor o'z isbotini topdi.