Andijon mahsulotlari AQSH bozoriga kirib boradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Nyu-York shahrida qator muhim uchrashuvlarni o‘tkazdi. Safar doirasida delegatsiya WRAP xalqaro nufuzli tashkilotining dasturlar bo‘yicha katta direktori va AQSH–O‘zbekiston Savdo palatasi ijrochi direktori bilan muzokaralar olib bordi.
WRAP — dunyodagi eng yirik mustaqil sertifikatlash tashkiloti bo‘lib, 40 tadan ziyod mamlakatlarda 3 mingdan ortiq fabrikalar WRAP sertifikatiga ega.
Andijon — O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati bo‘yicha yetakchi hududlardan, hozirda viloyatda yillik qiymati 1,2 milliard dollardan ortiq to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda va ularning 60%dan ortig‘i eksportga yo‘naltiriladi. Asosiy bozorlar bo‘lgan Rossiya, Turkiya, Xitoy va Yevropa mamlakatlari bilan bir qatorda, AQSH bozoriga chiqish bo‘yicha ham jiddiy saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda Andijon to‘qimachilik mahsulotlarini Amerika bozoriga kiritish va distribyutorlar tarmog‘i orqali kengaytirish, sifat ko‘rsatkichlarini jahon standartlari darajasiga yetkazish hamda WRAP sertifikati orqali xalqaro ishonchni taʼminlash,
yirik amerikalik investorlar va brending kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuv chog‘ida AQSH–O‘zbekiston Savdo palatasi vakillari ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar hajmi yildan-yilga ortib borayotganini qayd etdilar.
Bu muzokaralar Andijon viloyati uchun yangi sarmoyalar va xalqaro hamkorlik eshigini ochishi, shu bilan birga, o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini AQSH va global bozorlarda nufuzli brend sifatida mustahkamlashga xizmat qiladi.