Andijonning AT salohiyati AQShda taqdim etilib, viloyatga AT kompaniyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi AQShga tashrifi doirasida Nyu-York, Pensilvaniya va Florida shtatlarida bir qator uchrashuv va tadbirlarni o‘tkazdi.
Tashrifning asosiy maqsadi Amerika kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston hududlari, xususan, Andijon viloyatining investitsion salohiyati va AT infratuzilmasini tanishtirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.
Delegatsiya Nyu-Yorkda AT kompaniyalar va biznes assotsiatsiyalari rahbariyati bilan uchrashib, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, startaplarni xalqaro bozorga olib chiqish, sun’iy intellekt va raqamli ta’lim sohasida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildi.
Filadelfiyada AT va logistika sohalarida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda O‘zbekistonda, jumladan, Andijon viloyatida, biznes yuritish imkoniyatlari, IT Park rezidentligi, Zero Risk dasturi, infratuzilma, yoshlar salohiyati va xorijiy investorlar uchun imtiyozlar haqida batafsil taqdimot qilindi.
Florida shtatida esa delegatsiya logistika va transport kompaniyalari bilan uchrashib, BPO xizmatlarining yangi yo‘nalishlarini O‘zbekistonga olib kirish va yangi tarmoqlarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama etdi.
Tashrif davomida delegatsiya tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surildi va ikki tomonlama hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Yakunda AT va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Andijon viloyatida biznes muhitini takomillashtirish va investitsion imkoniyatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tashrif AQSh kompaniyalari uchun O‘zbekistonning AT va logistika sohalarida yaratilgan qulay sharoitlar bilan yaqindan tanishish va istiqbolli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi.