AQSH 39 nafar O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 7 sentyabr, yakshanba kuni, Amerika Qo‘shma Shtatlari mamlakatda qonuniy yashash huquqiga ega bo‘lmagan 39 nafar O‘zbekiston fuqarosini vataniga qaytarish uchun maxsus reys amalga oshirdi, deya xabar qildi AQSHning Toshkentdagi elchixonasi.
Dipmissiya maʼlumotiga ko‘ra, ushbu reys Amerika Qo‘shma Shtatlarining milliy chegaralarda nazoratni kuchaytirish bo‘yicha doimiy choralarining bir qismi hisoblanadi.
Elchixona bayonotida qayd etilishicha, AQSH noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, chegaralarni muhofaza qilish va o‘z fuqarolarining xavfsizligini taʼminlashda qatʼiy qolmoqda. Migratsiya qonunchiligini buzgan holda mamlakatga kirgan shaxslar qo‘lga olinadi va deportatsiya qilinadi.
Elchixona O‘zbekistonga deportatsiya jarayonlarini amalga oshirishdagi faol hamkorligi uchun minnatdorchilik bildirdi.