Berlin shahrida Farg‘ona-Germaniya biznes forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Berlin shahrida Farg‘ona-Germaniya biznes forumi bo‘lib o‘tdi O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur forumda yuzdan ortiq farg‘onalik va nemis ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Axatov forum ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi. Forumda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik darajasiga yetganini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi eng muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri ekanligi taʼkidlandi. — Farg‘ona viloyati — mamlakatimizning iqtisodiy va aholi jihatidan eng yirik hududlaridan biri. Viloyatimiz neft-gaz, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, turizm va, ayniqsa, IT sohasida katta salohiyatga ega. Bizda yer va mehnat resurslari, rivojlangan infratuzilma, eksport bozorlariga yaqinlik va barqaror siyosiy muhit — barchasi sizlar uchun muhim investitsiyaviy imkoniyatlar hisoblanadi, — dedi viloyat hokimi.
Biznes-forum doirasida viloyat hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov O‘zbekiston, xususan, Farg‘ona viloyatida qulay biznes muhiti, tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida taqdimot o‘tkazdi.
Shu bilan birga, sarmoyaviy va sanoat salohiyati, mavjud infratuzilmalar va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida fikr almashildi. B2B formatdagi uchrashuvlarda ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat, taʼlim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va kasb-hunarga o‘qitish sohalarida istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Forum ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash, o‘zaro savdo va qo‘shma sarmoyalarni kengaytirish uchun muhim platforma bo‘ldi.