Valyuta kurslari 05/09/2025
$1 – 12437.15
UZS – 0,51%
€1 – 14480.57
UZS – 0,39%
₽1 – 153.34
UZS – 0,14%
Qidirish
Deklaratsiyalar muloqoti: konfessiyalararo tinchlik va e’tiqod erkinligini ta’minlash sari

Deklaratsiyalar muloqoti: konfessiyalararo tinchlik va e’tiqod erkinligini ta’minlash sari

Deklaratsiyalar muloqoti: konfessiyalararo tinchlik va e’tiqod erkinligini ta’minlash sari

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 10-13 sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Love Your Neighbor Community” (LYNC) nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi o‘tkaziladi.

Mazkur anjumanning ahamiyati haqida SMTI direktori o‘rinbosari Shafoat Nurullayeva bilan suhbatlashdik.

– Shafoat opa, dastlab ushbu forum tarixi haqida qisqacha so‘zlab bersangiz.

– Jahon hamjamiyati tomonidan ma’rifat va bag‘rikenglik madaniyati g‘oyalarini targ‘ib qilish, diniy erkinlikni ta’minlash maqsadida 2016 yildan buyon qator forumlar, jumladan Marokash, Makka, Jakarta, Potomak, Punta del Este shaharlarida ayni mavzuga bag‘ishlangan tadbirlar uyushtirilgan. Anjumanlar yakunida konseptual hujjatlar – deklaratsiyalar qabul qilingan.

Mamlakatimiz ham ushbu da’vatga javoban 2022 yil may oyida Birinchi “Deklaratsiyalar muloqoti” yuqori darajadagi forumini tashkil etish orqali jarayonga munosib hissa qo‘shdi. Besh kun davomida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda AQSH, Buyuk Britaniya, Avstriya, Pokiston, Indoneziya kabi qator davlatlar yetuk dinshunoslari, ilohiyotchi olimlari va huquqshunoslari, shuningdek sohaga oid mahalliy davlat idoralari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari mutaxassislari, din vakillari qatnashdi.

Forumga Jahon musulmonlar ligasi, AQSH Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi, Buyuk Britaniya va Indoneziya hukumatlari yuqori martabali vakillari, shuningdek diniy va huquqiy doiralarning boshqa ko‘zga ko‘ringan mutaxassislari tashrif buyurdi.

          Eslatib o‘tishim joiz, o‘sha anjuman yakuni bo‘yicha qabul qilingan Buxoro deklaratsiyasi keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida tan olingan. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari deklaratsiya tamoyillari va chaqiriqlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilgan. Bu milliy parlamentimizning inson huquqlarini ta’minlash va xalqaro hujjatlar hamda milliy qonunchilikda aks ettirilgan fuqarolar manfaatini himoya qilish bo‘yicha monitoringni amalga oshirishdagi muhim o‘rnidan dalolat.

Qolaversa, alohida ta’kidlamoqchimanki, Buxoro deklaratsiyasi turli millat vakillari, turfa din hamda e’tiqodga mansub insonlardan iborat bag‘ri keng jamiyatni shakllantirishga qaratilgan O‘zbekiston modeli naqadar muhimligi, xalqaro miqyosda o‘ta talabgirligini tasdiqlaydi.

Ikkinchi “Deklaratsiyalar muloqoti” forumi ham mamlakatimiz yuqorida sanab o‘tilgan tegishli hujjatlarda mustahkamlangan tamoyillar, g‘oya va qadriyatlarni nafaqat qo‘llab-quvvatlashi, balki izchil amalga oshirib kelayotganidan guvohlik beradi.

– Sizningcha, bo‘lajak Forum xalqaro hamjamiyat uchun qanday ahamiyatga ega?

– Birinchidan, mazkur tadbir muntazam o‘tkazilishi, xorijiy ishtirokchilarning nufuzli tarkibi davlatimizning e’tiqod erkinligi va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga qaratilgan siyosati dunyo bo‘ylab yuksak e’tirof etilayotganidan dalolat.

Ikkinchidan, II Forum – O‘zbekistonning dinlararo muloqotni yuqori qadriyat darajasiga ko‘tarish maqsadida ochiqlik tamoyiliga, diniy bag‘rikenglik va tolerantlik muhitini rivojlantirishga sodiqligini tasdiqlaydi.

Uchinchidan, anjuman xalqlar va turli konfessiyalar vakillari o‘zaro tinch-totuv yashashini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘taydi.

• Forumdan qanday natijalar kutilyapti?

– Bu galgi anjumanda dunyoning 15 davlati, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya va Markaziy Osiyo davlatlaridan 50 nafarga yaqin yetakchi dinshunos, ilohiyotchi olim, ekspertlar, qator yuqori martabali shaxslar, xususan Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Yusuf Muhammad Aldobey, Jahon musulmonlari ligasi (JML) bosh kotibi o‘rinbosari Abdul Rahmon Al-Zoid, Din va e’tiqod erkinligi xalqaro alyansi rahbari Robert Rexak va boshqalar ishtiroki rejalashtirilgan.

Bundan tashqari JML Bosh kotibi Muhammad Al-Issa va BAA Fatvo kengashi raisi Shayx Abdulloh bin Bayonning video murojaati tinglanadi.

To‘rt kun davomida e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasida mamlakatlar oldida turgan dolzarb masalalar, shuningdek konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va hissasi mavzusi muhokama qilinadigan yalpi majlislar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston din arboblari va davlat xizmatchilari ishtirokida uchta sertifikatlashtirish seminari, diniy masalalar bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlar uchun sayd-ivent tashkil etiladi. Dinlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish va jamiyatda bag‘rikenglikni mustahkamlash bo‘yicha eng yaxshi xalqaro tajribalar taqdimoti ko‘zda tutilgan.

Xorijiy ishtirokchilar, turli konfessiyalar vakillari uchun alohida madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan Samarqand shahriga tanishtiruv safari tashkil etiladi.

– Forum ishtirokchilari o‘z oldilariga qanday vazifalar qo‘ygan?

– Forum doirasida qator muhim vazifalarni hal etish rejalashtirilgan.

Birinchidan, xalqaro hamjamiyatni yurtimizda konfessiyalararo bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlardan xabardor qilish asosiy vazifalardan biridir.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda respublikamiz diniy hayotida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Shu nuqtai nazardan, e’tiqod erkinligini ta’minlashga asos bo‘lgan ikki muhim jihatni ta’kidlashim o‘rinli.

Birinchisi – 2021 yil “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Hujjatni ishlab chiqishda jamiyatimiz ehtiyoji, shuningdek xalqaro me’yor va standart chuqur o‘rganildi. Bu qonunchiligimizni inson huquqi va e’tiqod erkinligi sohasidagi zamonaviy talabni hisobga olgan holda takomillashtirish imkonini berdi.

Qonunda Yevropa Kengashi Venetsiya komissiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar tavsiyalari ham aksini topgan.

Ikkinchisi – O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Qomusimiz vijdon erkinligi tamoyilini bevosita mustahkamlab, huquqiy va dunyoviy davlat sharoitida har qanday diniy qarash majburan singdirilishini taqiqlaydi.

Ushbu tamoyil asosida 2025 yil fevral oyida Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi ishlab chiqilib, qonunchilik darajasida qabul qilindi. Ushbu hujjat diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifasi, tamoyili va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi, davlat-ijtimoiy munosabatlar dunyoviy xususiyatida fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash bo‘yicha konstitutsiyaviy qoidalar amalga oshirilishini nazarda tutadi.

Ikkinchidan, yana bir muhim vazifa – davlatimizning konfessiyalararo va millatlararo totuvlikni ta’minlash, jamiyatda bag‘rikenglikni mustahkamlash borasidagi tajribasini targ‘ib qilish.

Umuman, tadbir tashkilotchilari ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali O‘zbekistonda barqaror siyosiy-huquqiy muhitni ta’minlash, jamiyatda o‘zaro totuvlikni mustahkamlash va barcha fuqarolar manfaatlarini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlardan xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish muhim, deb hisoblaydi. Bu boradagi sa’y-harakatlar mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy tajribasi asosida, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlikni nazarda tutuvchi demokratik tamoyillarni to‘liq hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda.

Shu jihatdan turli elatlar, turfa din vakillari tinch-totuv yashashi bo‘yicha ko‘p asrlik an’anaga sodiq O‘zbekistonning ijobiy tarixiy tajribasi xorijiy tadqiqotchilar, dinshunoslar va siyosiy arboblarda doim qiziqish uyg‘otib kelishini alohida ta’kidlamoqchiman. Eng muhimi, jamiyatimizdagi diniy bag‘rikenglik modeli xalqaro ekspertlar tomonidan o‘rganish va qo‘llashga munosib namunali, amaliy jihatdan foydali tajriba sifatida tobora ko‘proq e’tirof etilayotgani e’tiborga molik.

Uchinchidan, tadbir doirasida ko‘p millatli jamiyatlarda diniy erkinlik va konfessiyalararo muloqotni ta’minlash sohasidagi xalqaro tajriba faol muhokama qilinishi ham kutilyapti. Bunday muzokaralar mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashni mustahamlashga xizmat qiladi, samarali amaliyotlarni aniqlash va milliy voqelikka moslashtirish imkonini beradi. Shuningdek, gumanitar sohada kelgusi hamkorlik uchun poydevor yaratadi.

– Shafoat opa, yuqorida birinchi Forum yakunida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinganini aytdingiz. Bu gal qanday yakuniy hujjat qabul qilinishi rejalashtirilgan?

– Ishtirokchilarning jahon hamjamiyatiga qaratilgan quyidagi chaqiriqlarini jamlagan Murojaatnoma qabul qilish maqsadimiz bor:

diniy ozchiliklar huquqini himoya qilish;

diniy asosda kamsitish holatlarini istisno etish;

diniy ma’rifatni zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizmga qarshi kurash vositasi sifatida targ‘ib qilish;

e’tiqod erkinligini umuminsoniy huquq sifatida tasdiqlash;

diniy va madaniy mansubligidan qat’i nazar, barcha odamlar teng huquqliligini rag‘batlantirish.

Umuman, Ikkinchi xalqaro “Deklaratsiyalar muloqoti” forumi rang-barang dunyoda diniy bag‘rikenglik, oliy himmat, o‘zaro hurmat tuyg‘ularini, xalqlarning tinch-totuv yashashini mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi, deb ishonamiz.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling