"FlyArystan" Toshkentga yangi yo'nalish ochmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘istonning "FlyArystan" loukoster aviakompaniyasi Atirau-Toshkent-Atirau yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi.
15-iyul soat 13:50 da birinchi reys Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Bortida 139 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot aviatsiya an'analariga ko'ra - suv arkasi bilan kutib olindi.
"Ushbu reysning yo'lga qo'yilishi "FlyArystan" xalqaro yoʻnalishlar tarmogʻini, shuningdek, Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi transport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim qadam boʻldi. Kompaniyaning Ostonadan Toshkentga mavjud yoʻnalishidan tashqari, yangi yoʻnalish Qozogʻistonning gʻarbiy qismidan Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri aviatashuvlarni amalga oshirishni taʼminlaydi. Bu mamlakatlar oʻrtasidagi biznes, madaniy va sayyohlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi", — dedi aviakompaniya prezidenti Richard Ledjer.
Parvozlar iyul va avgust oylarida - payshanba va yakshanba kunlari, sentyabr va oktyabr oylarida - dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Zamonaviy Airbus A320 samolyotlarida parvoz davomiyligi 2 soat 20 daqiqani tashkil qiladi.
"FlyArystan" — 2019-yilda tashkil etilgan, "Air Astana" guruhi tarkibiga kiruvchi Qozogʻistonning birinchi loukoster aviakompaniyasi.