Fransiya kompaniyasi “Shohimardon” turizmiga katta qiziqish bildirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Fransiya kompaniyasi “Shohimardon” turizmiga katta qiziqish bildirmoqda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Fransiyaning yirik Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi prezidenti Xaviyer Gallot-Lavalléye va kompaniyaning MDH davlatlari, Bolqon, Turkiya va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy savdo direktori Orxan Shirinni qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona tumanida joylashgan Shohimardon va Yordon qishloqlari uchun taklif etilayotgan turizm loyihalari muhokama qilindi. Tog‘ hududlarida sayyohlik obyektlarini barpo etishda boy tajribaga ega bo‘lgan MND kompaniyasi ayni paytda Toshkent viloyatida ham qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, kompaniya dunyo bo‘ylab 49 ta davlatda muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirib kelayotgani qayd etildi.
Shohimardon va Yordon qishloqlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi loyiha doirasida ham sayyohlar uchun tog‘li hududda arqon yo‘li, osma ko‘priklar, tomosha yo‘laklari va maydonlari, turli attraksionlar barpo etiladi.
Loyihaga ko‘ra, 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Uchrashuvda bildirilgan takliflar Farg‘onada turizm salohiyatini oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.