Valyuta kurslari 30/06/2025
$1 – 12654.13
UZS – 0,54%
€1 – 14817.99
UZS – 0,4%
₽1 – 161.18
UZS – 0,47%
Qidirish
Texnologiyalar 23/05/2025 GSMA bilan hamkorlik: GSMA Bosh direktori bilan O‘zbekiston raqamli taraqqiyotidagi yangi imkoniyatlar muhokama qilindi

GSMA bilan hamkorlik: GSMA Bosh direktori bilan O‘zbekiston raqamli taraqqiyotidagi yangi imkoniyatlar muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov GSMA Bosh direktori Vivek Badrinat bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuv O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan “M360 Yevroosiyo 2025” xalqaro forumi doirasida tashkil etildi.

Muloqot chog‘ida tomonlar raqamli transformatsiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va telekommunikatsiya sohalaridagi global tendensiyalar, yangi avlod mobil aloqa tarmoqlarini joriy etish, 5G infratuzilmasi rivoji hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini integratsiya qilish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildilar.

Vazir O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni shakllantirish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish va milliy IT salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, u mamlakatning raqamli infratuzilmasini rivojlantirishda xalqaro hamkorlik, xususan GSMA kabi global tashkilotlar bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

GSMA Bosh direktori Vivek Badrinat esa O‘zbekistonning raqamli sohadagi so‘nggi yillardagi taraqqiyotini yuqori baholadi va mamlakatning mintaqa miqyosida “IT-HUB”ga aylanish salohiyati mavjudligini qayd etdi. U, shuningdek, GSMA tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar, jumladan mobil aloqa orqali inklyuziyani oshirish, raqamli savodxonlikni kengaytirish va kiberxavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarni taqdim etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar GSMA va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston mobil operatorlari va startaplari uchun xalqaro hamkorlik eshiklarini ochish masalalari yuzasidan kelishib oldilar. Shu bilan birga, ikki tomonlama tajriba almashish, kadrlar malakasini oshirish dasturlari hamda global sanoat standartlarini joriy etish borasida ham amaliy qadamlar muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuv “M360 Yevroosiyo 2025” forumi doirasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasida raqamli texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatni global raqamli maydonda faol ishtirokchiga aylantirishda muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling