Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
O‘zbekiston 14/06/2025 Ijtimoiy adolat bo‘yicha Global koalitsiyaning forumida O‘zbekistoning ijobiy tajribasi eʼtirof etildi

Ijtimoiy adolat bo‘yicha Global koalitsiyaning forumida O‘zbekistoning ijobiy tajribasi eʼtirof etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jenevada o‘tayotgan Ijtimoiy adolat bo‘yicha Global koalitsiyaning forumi doirasida “Hamkorlar suhbati – inson huquqlari iqtisodiyoti” mavzusida bo‘lib o‘tgan panel muhokamasida Senat Raisi Tanzila Narbayeva rasmiy bayonot bilan ishtirok etdi.

Senat Raisi O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida inson huquqlarini taʼminlash, ijtimoiy adolatni mustahkamlash va har bir fuqaroga munosib turmush sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Bayonotda iqtisodiy va ijtimoiy siyosat fuqarolar manfaatlariga xizmat qilishi, inson huquqlari esa inklyuziv va barqaror iqtisodiyotning asosiga aylanishi kerakligi alohida qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston inson salohiyatini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, samarali boshqaruv va ekologik barqarorlikka erishishni asosiy ustuvorlik deb biladi. Ushbu tamoyillar inson huquqlariga asoslangan iqtisodiyot yondashuvi bilan uyg‘unlashadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston mehnat huquqlari sohasida muhim natijalarga erishdi. XMTning barcha asosiy va ustuvor konvensiyalari ratifikatsiya qilindi. 2023-yilda qabul qilingan yangi Konstitutsiya va Mehnat kodeksida ushbu xalqaro standartlar o‘z aksini topgan. Ayniqsa, ayollar, yoshlar va zaif guruhlar manfaatlarini himoya qiluvchi jamoaviy kelishuv instituti kuchaytirildi.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga nafaqat imtiyoz, balki fundamental huquq sifatida qaralayotgani taʼkidlandi. XMT bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “2030-yilgacha ijtimoiy himoya bo‘yicha milliy strategiya” universal qamrov, ijtimoiy xizmatlar, ijtimoiy sug‘urta va mehnat bozoridagi faol choralarni nazarda tutadi.

Bayonot yakunida inson huquqlari tamoyillarini global moliyaviy boshqaruv tizimlariga chuqur integratsiyalash zarurligi taʼkidlandi. Bunday yondashuv Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va “hech kim eʼtibordan chetda qolmasligi” tamoyilini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Tadbir davomida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida erishilgan ijobiy tajribani eʼtirof etdi.

O‘zbekiston hamkorlikka tayyorligini, tajriba almashishga ochiqligini va har bir siyosat, byudjet va islohot inson huquqlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilishi kerak, degan qatʼiy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling