Valyuta kurslari 30/05/2025
$1 – 12768.26
UZS – -0,49%
€1 – 14400.04
UZS – -0,98%
₽1 – 162.63
UZS – 0,97%
Qidirish
Iqtisod 24/05/2025 Ilg‘or qurilish texnologiyalari asosida qad rostlayotgan QUYI CHOTQOL GES

Ilg‘or qurilish texnologiyalari asosida qad rostlayotgan QUYI CHOTQOL GES

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, xususan, gidroenergetika tarmog‘ini yana-da rivojlantirish borasida keng ko‘lamli amaliy faoliyat olib borilmoqda.

Bu borada, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan gidroenergetik salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarda yangi GESlarni barpo qilish ishlari jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi “Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chotqol daryosining belgilangan hududida qurilish ishlari rejaviy asosda izchil davom ettirilmoqda.

23 may kuni Jamiyat Axborot xizmati tomonidan mamlakatimizning bir guruh bosma va elektron OAV vakillari, televideniye va radiokanallar muharrirlari, jurnalistlar va blogerlar uchun Quyi Chotqol GES qurilishi obyektiga press-tur tashkil qilindi.

Taʼkidlash joizki, barpo etilayotgan ushbu gidrotexnik inshoot loyihasida har birining quvvati 22,5 MVt bo‘lgan 4 ta gidroagregatni o‘rnatish mo‘ljallangan. Quyi Chotqol GESning o‘rnatilgan quvvati 90 MVt bo‘lib, yillik o‘rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 300 mln. kVt.soatga teng, yaʼni GES quvvati kelajakda o‘rtacha 125 ming xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, GESning to‘liq ishga tushirilishi 81,0 mln. m3 gacha tabiiy gazni yoki 250 ming tonna ko‘mirni iqtisod qilish imkoniyatini beradi. Inshoot gidrologik rejimga taʼsir qilmaydi va gidrobiologik obyektlarga zarar yetkazmaydi hamda atrof-muhit va tabiat o‘zgarishiga taʼsir ko‘rsatmaydi.

Eʼtiborli jihati, qurilish ishlari doirasida Respublikamiz va Markaziy Osiyoda ilk bor yangi zamonaviy texnologiyalar asosida birinchi marta to‘g‘on konstruksiyasi bosib zichlangan (ukatanniy) betonli tipda quriladi. Beton to‘g‘on balandligi 60 metr, uzunligi 270 metr, to‘g‘on usti eni 7,5 metrni tashkil etadi. Suv ombori hajmi 6,8 mln m3 ga teng.

Mazkur tipdagi to‘g‘on qurilishi loyihani amalga oshirish muddatini 2 barobarga qisqartirish hamda suv ombori kunlik suv sarfini samarali boshqarish imkonini beradi. Natijada, mazkur mustahkam to‘g‘onda quriladigan GES kun davomida elektr energiyasiga talab keskin oshgan davrda (pikovoye vremya) yaʼni rostlovchi quvvatlarda elektr energiyani ishlab chiqarish imkoniyatini yuza keltiradi.

To‘g‘on qurilishida RCC (Roller-compacted concrete – bosib zichlangan beton) dan foydalaniladi, yaʼni to‘g‘onning asosiy qismi (195 ming m3) bosib zichlangan betondan iborat bo‘ladi. Bosib zichlangan betondan foydalanishdagi afzalliklar – betonni tashkil etuvchilari ajralib qolishi hamda suv o‘tkazuvchanlikni minimallashtirish maqsadida kichik qatlam-qatlam qilib beton yotqizish, yotqizilgan qatlam ustida mashina-mexanizmlarning darhol harakatlana olishi, uni tekislashi, zichlashi va bu bilan beton mustahkamligini oshirishdir.

Qurilish metodi gruntli to‘g‘onni barpo etishdagi sodda usullariga o‘xshash bo‘lib, issiq kunda sement va inert materiallar harorati tushirilgan holda beton mahsuloti tayyorlanishi hamda bosib zichlangan beton tarkibida sement miqdori sezirarli kamligi sabab beton yotqizilganda uning harorati moʻtadil bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, betonning qizib, deformatsiyaga uchramasligini taʼminlaydi.

Asosiy loyiha ishlari Jamiyat tizimidagi “Gidroproyekt” AJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, loyiha doirasidagi asosiy to‘g‘onning texnik yechimlari murakkabligi, geologik jihatdan og‘irligini inobatga olib, loyihalashtirish ishlariga Turkiyaning va Eron davlatining ilg‘or kompaniyalari jalb qilingan.

GES obyektlari qurilishida, xususan, sementatsiya ishlarini amalga oshirishda GERTEK (Germaniya) kompaniyasining ilg‘or uskunasidan foydalanilmoqda.

Ushbu texnologiya avtomatik tarzda sementatsiya uchun maxsus qorishmani (rastvor) tayyorlaydi hamda uni skvajinalarga yuboradi. Eʼtiborli jihati, mazkur uskunani masofadan, dunyoning istalgan nuqtasidan turib boshqarish va ish faoliyatini real vaqt rejimida kuzatish mumkin. Filtratsiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish maqsadida to‘g‘on va uning o‘qi bo‘ylab sementatsiya pardasi ishlari bajariladi. 

Zichlangan beton to‘g‘oni qurilishida ishlatiladigan bosib zichlangan betonni tayyorlashda qo‘shma kotlovandan olib chiqilgan gruntlardan foydalaniladi. Yaʼni, olib chiqilgan gruntlar qurilish maydonida o‘rnatilgan quvvati 500 tonna/soat bo‘lgan bo‘lgan inert materiallarni ishlab chiqaruvchi-saralovchi zavoddan turli fraksiyalardagi qum va chaqiq tosh ko‘rinishida ishlab chiqariladi. Mazkur inert materiallar bosib zichlangan betonning asosiy tarkibini tashkil etadi.

Shu bilan birga, loyiha doirasida O‘zbekistonda ilk bor to‘g‘on yuvish galereyasida yemirilishga chidamli va mustahkamlik darajasi yuqori bo‘lgan (M800 markali) beton quyish ishlari amalga oshirildi.

Suv omboridan yillik qattiq oqimni (suvda erigan va tubda to‘plangan cho‘kindilar) yuvish jarayonida umumiy hajmi 1 mln. m³ bo‘lgan suv GES binosi va beton to‘g‘on ichida joylashgan yuvish galereyasi orqali o‘tkaziladi. Bu jarayonda yuvish galereyasi inshootining kontakt yuzasiga katta gidrostatik yuklama taʼsir qiladi.

Asosiy ishqalanish yuklamasi yuvish galereyasining tub qismiga va devorlarning o‘rtasigacha bo‘lgan qismiga tushadi. Yuvish galereyasining butun uzunligi bo‘ylab tub qismi quyma temir plitalar bilan qoplangan. Quyma temir – yemirilishga chidamli va uzoq muddat xizmat qiluvchi material bo‘lib, plitalarning konstruksiyasi eskirgan qismlarini yangilari bilan almashtirish imkonini beradi.

Asosiy qurilish-montaj ishlarini sifatli tashkil etish va nazorat qilib borish jahonning ilg‘or kompaniyalaridan bo‘lgan “MATEST” (Italiya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar yordamida amalga oshiriladi.

Eʼtiborli jihati, qurilishda o‘rnatilgan – qorishmali betonni tashishga mo‘ljallangan zamonaviy va ilg‘or tasmali konveyer texnologiyasidan jahondagi 5 ta davlatdagina foydalanilgan – AQSH, Kanada, Italiya, Eron hamda O‘zbekistonda.

Aytish joizki, ushbu istiqbolli loyihada mamlakatimiz tarixida ilk bor jahon standartlari asosida to‘g‘on va GES binosi yaxlit inshoot sifatida qurilmoqda.

Ushbu loyiha yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirilgandan so‘ng, 120 ortiq mahalliy yosh mutaxassislar doimiy ish o‘rinlari bilan taʼminlanadi.

Gidroenergetika sohasida boshlangan izchil islohotlar hamda jadal surʼatlarda olib borilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari aholi va sanoat tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishga xizmat qiladi. Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, yangi bunyod etilayotgan GESlar energiya manbai bo‘lish bilan birga, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham zamin yaratadi.

Taʼkidlash joizki, Chotqol daryosida amalga oshirilayotgan mazkur yirik gidroenergetik loyiha nafaqat Toshkent viloyati energetika tizimida muhim ahamiyat kasb etib, viloyat aholisini ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Shu bilan birga, Quyi Chotqol GES issiqlik elektr stansiyalariga nisbatan bir qator afzalliklarga ega:

- har yili 91 283,4 ming m3 tabiiy gazni iqtisod qiladi;

- ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqaradi, atmosferaga zararli chiqindilar chiqishi qisqaradi;

- ishlab chiqarilayotgan elektr energiya tannarxi nisbatan past, yaʼni issiqlik elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya narxidan 8-10 barobar arzon bo‘ladi;

- GES va uning asbob-uskunalarini ekspluatatsiya qilishning texnik muddati nisbatan uzoq, issiqlik elektr stansiyalardan ikki barobar ko‘proq muddatga xizmat qiladi;

- qayta tiklanuvchi, yaʼni suv energiyasi manbalaridan foydalaniladi.

Rejaga binoan, Quyi Chotqol GESni joriy yilda Mustaqillik bayrami arafasida qurib bitkazilishi hamda ekspluatatsiyaga topshirilishi kutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling