ISSV va IFC hamkorlikning yangi sohalarida kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 8-sentabr kuni ISSV rahbari Laziz Kudratov Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC)ning Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Vibke Shlyomer boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Tomonlar hamkorlik natijalarini sarhisob qildilar hamda yangi yo‘nalishlarni belgilab oldilar.
Vibke Shlyomer O‘zbekistondagi islohotlarning ochiqligi va investorlar uchun qulay muhit yaratishga yo‘naltirilganini alohida ta’kidladi. Muhim yutuqlar qatorida “Scaling Solar” dasturi doirasida quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi uchun investor jalb etish bo‘yicha ilk bitim qayd etildi. Ushbu tajriba keyingi energetika loyihalari uchun andoza sifatida xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda sog‘liqni saqlash, ta’lim va energetika sohalarida DXShni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar IFC’ning mamlakatimiz xususiy sektorini rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotganini, moliyaviy resurslarga kirish imkonini ta’minlash, konsultatsiya va normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga ko‘maklashayotganini qayd etdilar.
Shuningdek, investitsiya qonunchiligini takomillashtirish va milliy kompaniyalarning moliyaviy boshqaruv sohasidagi salohiyatini oshirishga e'tibor qaratildi. Bu ularning xalqaro kapital bozorlariga chiqishiga zamin yaratadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashini rivojlantirish hamda unda IFC ishtirokini kengaytirishga qiziqish bildirildi.