Jahon banki vakillari bilan hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-iyun kuni Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi mintaqaviy rahbari Naji Benhassin hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Jahon bankining O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat dasturi koordinatori Anastassia Aleksandrova hamda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosarlari Ilhomjon Umrzakov va Umid Abidxadjayev, vazir maslahatchisi Jasur Karshibayev va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning natijalari, jumladan, makroiqtisodiy o‘sish va hududlarni rivojlantirish, yashil o‘sishni ta’minlash va energiya samaradorlikni oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va ustuvor yo‘nalishlarda samarali qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, tomonlar yangi ish o‘rinlarini yaratish va investorlarni jalb qilishda yashil iqtisodiyotning o‘rni, iqtisodiy rivojlanishda infratuzilma loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish hamda shaharlarni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida, Jahon banki vakillari O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy tendensiyalar va jadal iqtisodiy o‘sishni yuqori baholadi hamda kelgusida hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish va hamkorlikda ilg‘or tajribalarga asoslangan samarali loyihalarni shakllantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish hamda belgilangan maqsadlarga yetishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.