Jenevada “Better Cotton” dasturini O‘zbekistonda kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jeneva shahrida Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva “Better Cotton” xalqaro tashkiloti bosh direktori Alan Makkley bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda O‘zbekistonda “Better Cotton” dasturini amalga oshirish jarayonlari va bu yo‘nalishdagi hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida “Better Cotton” dasturining nafaqat sertifikatlashtirish vositasi, balki ekologik, ijtimoiy va mehnat amaliyotlarini yaxshilashga xizmat qiluvchi platforma sifatidagi ahamiyatiga alohida urg‘u berildi. Shu bilan birga, dasturda ishtirok etish orqali O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlari kengayishi va mamlakatning to‘qimachilik mahsulotlari sohasida masʼuliyatli yetkazib beruvchi sifatidagi mavqei mustahkamlanishi qayd etildi.
O‘zbekistonda “Better Cotton” dasturi qamrovini kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Bugungi kunda dastur qariyb 30 ming tonna paxta xomashyosi yetishtiradigan 6 ta klasterni qamrab olgan.
Tomonlar sheriklikni yana-da chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.