Langar Ota majmuasi AQSH ko‘magida qayta tiklandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qashqadaryo viloyatidagi XV asrga oid madaniy va diniy yodgorlik hisoblangan tarixiy Langar ota majmuasi AQSH elchilarining Madaniy merosni saqlash jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 250 ming dollarlik shoshilinch ta’mirlash loyihasi natijasida qayta tiklandi va foydalanishga topshirildi.
AQSH elchisi Jonatan Xenik mahalliy mulozimlar, jamoat vakillari va amerikalik mutaxassislar bilan birgalikda marosimda ishtirok etib, madaniy merosni asrab-avaylashda Amerikaning jahon miqyosidagi yetakchi o‘rnini ta’kidladi hamda O‘zbekiston bilan strategik hamkorlikning mustahkamligini yana bir bor tasdiqladi.
Hisor tog‘ tizmasidagi Katta Langar qishlog‘ida joylashgan, 1448-yilga oid masjid va maqbara temuriylar davri koshinkorligi, mohirona o‘yilgan yog‘och to‘sinlari bilan ajralib turadi va Ishqiya so‘fiylik tariqati bilan bog‘liq tarixiy ziyoratgoh sifatida muhim ma’naviy ahamiyatga ega. Majmua hududida bir paytlar kufiy yozuvidagi eng qadimgi Qur’onlardan biri – Katta Langar Qur’oni ham saqlangan. Ushbu ta’mirlash ishlari O‘zbekistonning ma’naviy merosi va so‘fiylik an’analarining ramzi bo‘lib, bular mamlakatning milliy o‘ziga xosligini va mustaqilligini chuqur shakllantirgan omillardir.
2023-yilning kuz oylarida Chikago universitetining Qadimgi madaniyatlarni o‘rganish instituti rahbarligida boshlangan konservatsiya loyihasi asosiy koshin panellarni mustahkamlash, poydevorni kuchaytirish va eskirgan tomni almashtirish ishlarini o‘z ichiga oldi. Shuningdek, ushbu loyiha asnosida konservatsiya bilan shug‘ullanadigan o‘zbekistonlik mutaxassislar malaka orttirdilar, bu esa kelajakdagi konservatsiya ishlari uchun mahalliy tajribani oshirdi.
«Madaniy meros tariximizni tushunishimiz va o‘zimizni anglashimizning ajralmas qismidir. U milliy chegaralardan ustun turadi,» – dedi elchi Henik. «Langar Ota butun dunyo xalqlari uchun muhim ahamiyatga ega joy, va biz uning tarixida o‘z hissamizni qo‘shish imkoniyatini chuqur qadrlaymiz.«
Ushbu loyiha AQShning Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash, madaniyatlararo aloqalarni rivojlantirish va umumiy merosni asrab-avaylash bo‘yicha keng qamrovli sa’y-harakatlariga hissa qo‘shadi. U Amerikaning O‘zbekiston tarixiga chuqur hurmatini va madaniy merosni saqlashda xalqaro hamkorlikning muhimligini ta’kidlaydi. So‘nggi yillarda AQSH va O‘zbekistonning bu sohadagi hamkorligi yanada chuqurlashdi. 2023-yilda AQSH va O‘zbekiston o‘g‘irlangan tarixiy buyumlarning noqonuniy savdosiga qarshi birgalikda kurashish to‘g‘risida bitim imzoladi. Ushbu hamkorlik tarixiy yodgorliklarning xavfsizligini yaxshilash va o‘g‘irlangan boyliklarni topib, O‘zbekistonga qaytarishni ta’minlash uchun huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Qayta tiklangan Langar Ota majmuasi endi tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘lib, Markaziy Osiyoning eng muhim ma’naviy yodgorliklaridan biri bilan tanishish imkonini beradi.