Valyuta kurslari 08/05/2025
$1 – 12910.15
UZS – -0,11%
€1 – 14660.77
UZS – 0,27%
₽1 – 159.78
UZS – -0,1%
Qidirish
Texnologiyalar 17/04/2025 Mahalliy onlayn xizmatlar indeksi doirasida UNDESA bilan anglashuv memorandumi imzolandi

Mahalliy onlayn xizmatlar indeksi doirasida UNDESA bilan anglashuv memorandumi imzolandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Nyu-York shahridagi BMT qarorgohida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA)ning Davlat institutlari va raqamli hukumat bo‘limi (DPIDG) Raqamli hukumat bo‘limi rahbari Vinchenso Akuaro o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv chog‘ida raqamli davlat boshqaruvi sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, ochiq hukumat tashabbuslarini ilgari surish, shuningdek, BMTning global tashabbuslari doirasida sheriklikni yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi elektron ishtirokini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Vinchenso Akuaro O‘zbekistonda bu sohada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni yuksak baholadi va UNDESAning imkoniyatlari doirasida raqamli inklyuziya va elektron ishtirok yo‘nalishlarida ekspertlik ko‘magi ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekistonda davlat xizmatchilari salohiyatini oshirishga qaratilgan tizimli o‘quv seminarlar (vorkshoplar) o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vazirligi va UNDESA o‘rtasida LOSI (Local Online Services Index) tashabbusi doirasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjat hududiy darajadagi raqamli xizmatlarni baholashni tizimli tashkil etish, mahalliy raqamli platformalar holatini tahlil qilish, onlayn xizmatlarning sifati va foydalanish imkoniyatini oshirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish, O‘zbekistonni LOSIning xalqaro metodologiyasiga kiritish va uning global reytinglardagi ishtirokini kuchaytirish imkonini beradi.

Vinchenso Akuaro O‘zbekistonning raqamli davlat boshqaruvi yo‘nalishida mintaqaviy yetakchiga aylanishiga ishonch bildirdi va mavjud milliy islohotlarni UN DESA tomonidan qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini tasdiqladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling