Mirziyoyev O‘zbekiston kimyo sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish zarurligini taʼkidladi

Mirziyoyev O‘zbekiston kimyo sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish zarurligini taʼkidladi

Mirziyoyev O‘zbekiston kimyo sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish zarurligini taʼkidladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.

Iqtisodiyotimiz jadal rivojlanayotgani, so‘nggi yillarda sanoat tarmoqlarida 3 ming turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

Bundan 9-10 yil ilgari O‘zbekiston kimyo mahsulotlarining katta qismini mineral o‘g‘it tashkil qilardi.

O‘tgan davrda sohaga 8 milliard 300 million dollarlik investitsiyalar kirib keldi, 87 ta yirik quvvatlar ishga tushdi.

PVX, “yashil” vodorod, ko‘pikli polipropilen, BOPP plyonka kabi 60 dan ziyod turdagi yangi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Bu orqali iqtisodiyot tarmoqlarida minglab yangi turdagi mahsulotlar chiqarish uchun zarur xomashyo bazasi yaratildi.

Sohada eksport 3 karra o‘sdi, ishchilar soni 50 mingdan oshdi.

Shu bilan birga, to‘qqiz yilda respublika sanoati o‘rtacha 6,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, kimyoda bu 3 foizga ham yetmayotgani, kimyo mahsulotlari importi oshib, yiliga 4,5 milliard dollarni tashkil qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zimizda chiqariladigan kimyoviy mahsulotlar ichki talabning 60 foizini ham qoplamayotgani, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanilmayotgani, kimyo sanoatida bitta ishchiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat boshqa davlatlardan 2-3 karra kamligi qayd etildi.

“O‘zkimyosanoat” AJ asosan o‘z tizimidagi yirik korxonalar bilan bandligi, sohada 5 mingdan ortiq korxona bilan tizimli ishlash, ularning muammo va takliflarini eshitish jarayoni sustligi tanqid qilindi.

Shu bois, davlatimiz rahbari bugun kimyo sanoati korxonalari vakillari bilan shaxsan uchrashib, sohadagi masalalarni muhokama qilib olishga qaror qilganini aytdi.

Mamlakatimizda yiliga 1,5 million tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilib, bunga 1 milliard 70 million kub metr gaz sarflanyapti.

Vaholanki, ilg‘or davlatlar selitra iste’molini kamaytirib, qishloq xo‘jaligida karbamid va suvda eruvchan o‘g‘it, tog‘-kon sanoatida g‘ovaksimon selitra ishlatishga o‘tmoqda.

Ammiakli selitra bilan tannarxi bir xil bo‘lgan g‘ovaksimon selitrada qo‘shilgan qiymat 2 karra ko‘p.

Mutasaddilar, kimyo korxonalari rahbarlari mana shunday loyihalarni ko‘paytirishni o‘ylashi kerakligi qayd etildi.

Yoki “Navoiyazot”da chiqadigan 1 tonna sian tuzining narxi 3 ming 700 dollar bo‘lsa, undan yelim olinsa, qiymati 8 ming dollargacha oshadi.

Mas’ullarga “Navoiyazot” yonidagi klasterda 1 milliard dollarlik 10 ta kam tonnali kimyo loyihalarini boshlash topshirildi.

Geologiyada mavjud zaxiralarni to‘liq ishga solib, qo‘shilgan qiymatni karrasiga oshirish mumkinligi ta’kidlandi.

Masalan, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiyda 550 million tonna natriy va kaliy, 20 million tonna bentonit zaxiralari bor.

Bu xomashyo qayta ishlanib, kaustik soda ishlab chiqarilsa, qo‘shilgan qiymat 3 barobar oshadi.

Shuningdek, Jizzaxda 1,5 million tonna, Qoraqalpog‘istonda 500 ming tonna serpentinit zaxirasi aniqlangan. Bunga sulfat kislotasi bilan ishlov berilsa, tonnasi 5 ming dollargacha chiqadigan magniy oksidi olsa bo‘ladi.

Serpentinit yanada chuqurroq qayta ishlansa, nikel, xrom va kobalt olish mumkin. Bu esa elektrotexnika sanoati uchun juda muhim xomashyo.

Mutasaddilarga fosforit, galit, mirabilit, serpentinit kabi kimyo uchun zarur xomashyo zaxirasini 2 karra oshirish bo‘yicha uch yillik dastur qilib, ishlarni boshlash topshirildi.

Serpentinit xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha kamida 200 million dollarlik loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Mintaqamizda maishiy kimyo mahsulotlari bo‘yicha 2 milliard dollarlik bozor mavjud.

Misol uchun, “Angren” erkin iqtisodiy zonasidagi tadbirkor dunyoga mashhur “Henkel” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hozirda “Henkel” ushbu korxonani sotib oldi va shu yerdan Hamdo‘stlik davlatlariga mahsulot yetkazib berishni reja qilmoqda.

Bunday loyihalarni ko‘paytirish maqsadida poytaxtdagi sanoat zonalaridan biridagi maydonlar maishiy kimyo loyihalari uchun beriladi.

Ishga tushirilgan korxonalarni brendi bilan birga tayyor daromadli biznes sifatida xususiy sektorga sotish sharti bilan loyihalarga 50 million dollar ajratilishi reja qilindi.

Boshqa viloyatlardagi bunday loyihalarga Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan 15 million dollar yo‘naltiriladi.

Umuman, mutasaddilarga maishiy kimyoda yana kamida 100 ta brend mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Tahlillarga ko‘ra, dunyoda mineral o‘g‘itga talab yiliga 5 foizdan o‘sib, 2030-yilda 260 milliard dollardan oshadi.

Ayniqsa, yangi agrotexnologiyalar hisobiga suvda eruvchan o‘g‘itga bo‘lgan ehtiyoj keskin ko‘paymoqda.

Investorlar bilan muzokaralar natijasida Qashqadaryoda yillik quvvati 230 ming tonna bo‘lgan 114 million dollarlik, Sirdaryo viloyatida 400 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Umuman, uch yilda soha masʼullari va hokimlar oldida 2 milliard 800 million dollarlik 42 ta loyihani ishga tushirish vazifasi turgani qayd etildi.

Bu orqali 2030-yilga borib, azotli o‘g‘it ishlab chiqarish hajmini 2,8 milliondan 4 million tonnaga, fosforli o‘g‘itni 400 mingdan 900 ming tonnaga, suvda eruvchan o‘g‘itlarni 100 mingdan 400 ming tonnaga yetkazish muhim ekani taʼkidlandi.

Prezidentimiz bugun korxonalardagi yosh laborantlar, dual taʼlim asosida ishlayotgan talabalar bilan gaplashib, olimlarning taqdimoti bilan tanishib, sohaga ilm-fan kirib borayotganiga amin bo‘lganini taʼkidladi.

Lekin bu borada qilinadigan ishlar hali ko‘pligi qayd etildi.

Sohada taʼlim, tadqiqot, laboratoriya, startaplarni o‘z ichiga olgan yaxlit tizim yaratiladi.

Buning uchun Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 60 gektar yerda Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va taʼlim klasteri tashkil qilinadi.

Mazkur klasterda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo etiladi. Ushbu markazda tajriba-sinov o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarning yarmi qoplab beriladi.

Kelgusi yil yakunigacha Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali klaster hududiga ko‘chiriladi.

Suvda eriydigan o‘g‘it, polimerlar, maishiy va noorganik kimyo bo‘yicha rejalashtirilgan katta loyihalar hisobiga nanokimyo, “yashil” kimyo, super-molekulyar kimyo, sun’iy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlarga talab paydo bo‘ladi.

Shu maqsadda kimyo sohasida kadr tayyorlaydigan 35 ta oliygohning professor o‘qituvchi va kafedra mudirlari loyihalarga biriktirildi.

Yangi o‘quv yilidan ushbu ehtiyojlardan kelib chiqib kadr tayyorlashni boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, kimyo sanoati bo‘yicha 17 milliard dollarlik 350 dan ziyod loyihani ishga tushirish bo‘yicha dastur qilib, ishlarni boshlash topshirildi.

Ushbu katta marralarni bajarish uchun sohani ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish talab etiladi. Shu bois, “O‘zkimyosanoat”ni transformatsiya qilish zarurligi qayd etildi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish davomida kimyo sanoati mas’ullari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling