Misr kompaniyasi O'zbekistonda dori vositalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo'yicha qo'shma loyihada ishtirok etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yurtimiz elchixonasi ko'magida joriy yilning 13-15-iyul kunlari O'zbekistonning "Propharm partners" va "Lafz" kompaniyalari rahbarlarining Misrga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda O'zbekiston – Misr hamkorligi barcha sohalarda faol rivojlanib bormoqda. Shunindek, O'zbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan mamlakatimizdagi istiqbolli farmatsevtika yo'nalishidagi investitsion loyihalarga ixtisoslashgan Misr kompaniyalarini jalb etish va sohaga yangi texnologiyalarni yo'naltirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
"Propharm partners" va "Lafz" kompaniyalari rahbarlarining amaliy safari ham anashu maqsadda amalga oshirildi.
Safar davomida bir qator uchrashuv va muzokaralar o'tkazildi. Jumladan, Misrning "ACDIMA" xoldingi rahbarlari bilan kechgan muloqot natijasida farmatsevtika mahsulotlarini hamkorlikda mamlakatimizda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo'yicha bitim imzolandi. Tomonlar loyihani amalga oshirish muddatlari va mexanizmlarini kelishib oldilar.
Shuningdek, muzokaralar davomida ushbu xolding tarkibiga kiruvchi "EIPICO", "MUP" (Medical Union Pharmaceuticals), "October pharma" kompaniyalari bilan farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish bo'yicha distribyutorlik shartnomalari imzolandi.
Imzolangan bitimlar Misr kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli, xalqimiz ehtiyoji uchun zarur va hamyonbob dori vositalarini mamlakatimizga olib kirish va keyinchalik mahalliylashtirishni nazarda tutadi.
ACDIMA xoldingi 1200 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 17 ta farmatsevtika kompaniyasini birlashtirib, sanoatning keng sohalarini qamrab oladi.