Oʻzbekiston aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik koʻrmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi statistigi Rasmiyya Aliyeva O'zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif maqsadi O'zbekistonda aholi va qishloq xo'jaligini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazishda texnik ko'mak berishdan iborat.
Aholi va qishloq xo'jaligini ro'yxatga olish, mamlakat hududida, yaxlit va har bir ma'muriy-hududiy birlik bo'yicha aniq bir vaqtda, aholi tarkibi va qishloq xo'jaligi faoliyatining turli yo’nalishlari bo’yicha, ishonchli, xolis hamda yaxlit ma'lumotlarni zamonaviy statistik usullar asosida yig'ish maqsadida amalga oshiriladi.
Ushbu tadbirni o'tkazishdan maqsad mamlakatdagi aholi tarkibi, mehnat resurslari, uy-joy fondi, qishloq xo'jaligi yer maydonlarining aniq o'lchamlarini, chorva mollari va parrandalarning sonini aniqlash orqali ro'yxatdan o'tkazish natijalariga ko'ra kelgusida mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iboratdir.
Shu bilan birga, ushbu tadbir mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun aholining o‘zgarish dinamikasi, kasbi, bandligi va daromad manbalari, shuningdek ishchi kuchi, mavsumiy va norasmiy sektorda ishlovchilar haqida hamda qishloq xo'jaligi sohasini to'liq qamrab olgan holda ma'lumotlar bazasini yaratishga imkon beradi.
Shuningdek, respublikaning har bir ma’muriy-hududiy birligi va mahallalar kesimida aholi va qishloq xo‘jaligining turli tavsiflari to‘g‘risida yagona statistik uslubiyot asosida xalqaro darajada taqqoslash mumkin bo‘lgan dolzarb va ishonchli ma’lumotlarni shakllantirish orqali mamlakatning rivojlanish salohiyatiga nisbatan ishonchni yanada oshirish hisobiga uning investitsion jozibadorligini va xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanadi.
FAO eksperti Rasmiyya Aliyeva boshchiligidagi missiya davomida bir qator muhim uchrashuv va maslahatlar o'tkazildi:
Missiya Milliy statistika qo'mitasi va Qishloq xo'jaligi vazirligi rahbariyati, boshqarma va bo'limlar vakillari bilan uchrashuvdan boshlandi. Uchrashuvda Milliy statistika qo’mitasining Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o’tkazish boshqarmasi, Qishloq xo’jaligi va atrof-muhit statistikasi boshqarmasi, Aholi turmush darajasi statistikasi va kambag'allik baholash boshqarmasi, Ijtimoiy soha statistikasi boshqarmasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) vakillari ishtirok etdilar.
Missiya davomida Milliy statistika qo'mitasida faol maslahatlar olib borildi. Ushbu uchrashuvlar davomida qishloq xo'jaligini ro'yxatga olish masalalari bo'yicha keng qamrovli muhokamalar o'tkazildi, FAOning Qishloq xo'jaligi ro'yxati bo'yicha Jahon dasturi (WCA 2020) talablari asosida mavjud yondashuvlar tahlil qilindi va takomillashtirish yo'llari belgilandi.
Uchrashuvlar doirasida Yevropa Ittifoqining “ASK Facility” dasturi vakili Mark Van Uytvanck bilan fermerlar o’rtasida so’rovnoma loyihasi bo'yicha, Qishloq xo’jaligi vazirligining Statistik tahlil va prognozlashtirish bo’limi bilan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ko'rsatkichlari bo’yicha, ISCAD xalqaro markazi ekspertlari bilan FAO tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan to’g’ri ovqatlanish bo’yicha so'rovnoma o’tkazishi loyihasi bo'yicha uchrashuvlar o’tkazildi.
Missiya Milliy statistika qo'mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, ISCAD va FAO vakillari ishtirokida yakuniy uchrashuvlar bilan muvaffaqiyatli yakunlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) taqdim etilayotgan joriy hisobotlarga qo'shimcha ravishda, qishloq xo'jaligi sohasida ro'yxatdan o'tkazishni tavsiya etadi. Tashkilot ro'yxatdan o'tkazishning xalqaro standartlarini, tushuncha va ta'riflar hamda uslubiyotlarni ishlab chiqish bilan bir qatorda, a'zo davlatlarga texnik ko'mak ko'rsatish orqali milliy qishloq xo'jaligi sohasida ro'yxatdan o'tkazishga yordam berib kelmoqda.
Xalqaro amaliyotda, FAO tavsiyalari asosida qishloq xo'jaligi sohasida ro'yxatdan o'tkazish odatda o'n yilda bir marta amalga oshiriladi. Ayrim agrar soha rivojlangan davlatlar ro'yxatdan o'tkazish tadbirini 4-10 yilda bir martadan kam bo'lmagan davrda amalga oshiradilar. Masalan mazkur tadbir Germaniya va Gollandiyada to'rt yilda bir marta o'tkazilsa, AQSh, Kanada hamda Koreyada har besh yilda, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga (MDH) a'zo davlatlarda 10 yilda bir marta o'tkaziladi.
Ushbu missiya natijasida O'zbekistonda aholi va qishloq xo'jaligini ro'yxatga olish tadbirlarini birgalikda xalqaro standartlar asosida amalga oshirish bo'yicha muhim qadamlar qo'yildi va kelgusi faoliyat yo'nalishlari belgilab olindi.