“O‘zbek karvoni” Buyuk Britaniyada O‘zbekistonning an’analari va sayyohlik imkoniyatlarini namoyish etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi turizmni rivojlantirish va sayyohlarning mamlakatimizga qiziqishini oshirish maqsadida 5-17 iyun kunlari Buyuk Britaniyaning olti shahrida “O‘zbek karvoni” (Uzbekistan Caravan) nomi ostida madaniy-gastronomik tur uyushtirmoqda.
Tadbirlar London, Manchester, Liverpul, Edinburg, Oksford va Kardiff kabi yirik shaharlarda o‘tkaziladi. Tur doirasida mazkur shaharlar aholisi va mehmonlari an’anaviy o‘zbek taomlarini tatib ko‘rish hamda O‘zbekistonning sayyohlik diqqatga sazovor joylari haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Asosiy maqsad xalqaro maydonda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish, madaniy aloqalarni mustahkamlash va Britaniya auditoriyasining mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishini shakllantirishdan iborat.
Ushbu tashabbusni O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi, Londondagi “Oshpaz” o‘zbek taomlar restorani va mashhur oshpaz Bahriddin Chustiy tomonidan qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ushbu tur 21-22 iyun kunlari London markazidagi eng mashhur va sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan joylaridan biri – “Tower Bridge” ko‘prigi oldida o‘tkaziladigan “O‘zbek madaniyati va milliy taomlari” keng ko‘lamli festivalining kirish qismi bo‘ladi.