O‘zbekiston BMT huzuridagi APCICT boshqaruv kengashiga saylandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tarixda birinchi bor 2025–2028-yillar uchun Osiyo-Tinch okeani Rivojlanish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari o‘quv markazi (APCICT) Boshqaruv kengashiga a’zo sifatida saylandi.
Mazkur saylovlar 2025-yil 21–25 aprel kunlari Tailandning Bangkok shahrida o‘tkazilgan BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining (ESKATO) 81-yillik sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada ESKATOga a’zo 53 davlat, assotsiatsiyalashgan a’zolar, shuningdek xalqaro tashkilotlardan 900 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Ma’lumot uchun: “Asian and Pacific Training Centre for Information and Communication Technology for Development” (APCICT) – BMT ESKATOning beshta mintaqaviy muassasasidan biri bo‘lib, uning bosh qarorgohi Inchxon shahrida (Koreya Respublikasi) joylashgan.
Markazning asosiy vazifasi – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga erishish uchun a’zo davlatlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan (AKT) foydalanish salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
Markaz ta’lim, tajriba almashish, ko‘p tomonlama hamkorlik va manfaatdor tomonlar o‘rtasida muloqot tashkil qilishga qaratilgan faoliyat yuritadi. Uning ilg‘or elektron o‘quv platformalari va mashhur o‘quv dasturlari nafaqat Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, balki butun dunyo bo‘ylab rivojlanishga hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston (Raqamli texnologiyalar vazirligi orqali) APCICT Boshqaruv kengashiga saylanishi – mamlakatning Markaziy Osiyodagi raqamli transformatsiya sohasidagi yetakchi rolini tasdiqlaydi. Saylov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan birga Bangladesh, Kamboja, Hindiston, Qozog‘iston, Filippin, Rossiya va Tailand ham Boshqaruv kengashi a’zosi sifatida saylandi.
Markaz Boshqaruv kengashiga a’zolik O‘zbekistonga bir qator muhim imkoniyatlarni yaratadi:
Mintaqaviy raqamli siyosatga ta’sir o‘tkazish. O‘zbekiston Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, ayniqsa Markaziy Osiyoda raqamli rivojlanish strategiyalarini belgilashda faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ilg‘or o‘quv dasturlari va AKT resurslaridan foydalanish. Markazning maxsus ta’lim dasturlari orqali O‘zbekistonda raqamli savodhonlik va salohiyatni oshirish, ayniqsa yoshlar orasida raqamli ko‘nikmalar mustahkamlash imkoniyati yaratiladi.
Xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish. Boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tajriba almashish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi.
Yoshlar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash. O‘zbekistonda yoshlarning raqamli salohiyatini oshirish va tadbirkorlikni rag‘batlantirish uchun amaliy platformalar yaratiladi.
Raqamli iqtisodiyotni tezlashtirish. Mintaqaviy markaz tashabbuslaridagi faol ishtirok raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va O‘zbekistonning global raqamli maydonda pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning APCICT Boshqaruv kengashiga saylanishi – “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam hisoblanadi. Bu mamlakatning xalqaro raqamli hamkorlikdagi o‘rnini mustahkamlaydi, iqtisodiy modernizatsiya va innovatsiyalar jarayonini jadallashtirishga ko‘maklashadi. 2025–2028 yillar mobaynida O‘zbekiston Boshqaruv kengashining faol a’zosi sifatida mintaqada raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlashga katta hissa qo‘shishi kutilmoqda.