O'zbekiston elchisi va Eronning Fors viloyati gubernatori hududlararo hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev Eronning Fors viloyatiga tashrifi davomida viloyat gubernatori Husseyn Ali Amiriy bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot avvalida tomonlar O'zbekiston va Eron o'rtasidagi hamkorlik aloqalari ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mustahkamlanib borayotganini qayd etdilar.
Gubernator Husseyn Ali Amiriyning aytishicha, mintaqadagi yaqin qo'shnilari bilan munosabatlarni mustahkamlash Eron davlat siyosatining ustuvor yo'nalishidir.
Uchrashuvda hududlararo aloqalarni rivojlantirish ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalari uchun muhim o'rin egallashi ta'kidlandi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida O'zbekiston va Eron hududlari delegatsiyalarining o'zaro tashriflarini tashkil qilish taklifini qo'llab-quvvatladilar.