Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
Moliya 14/06/2025 O‘zbekiston Markaziy banki nasiya savdosiga bag‘ishlangan sharhni eʼlon qildi

O‘zbekiston Markaziy banki nasiya savdosiga bag‘ishlangan sharhni eʼlon qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — So‘nggi yillarda O‘zbekistonda nasiya savdosi ommalashib borayotgan yangi fenomenlardan biri bo‘lib, bir tomondan, uy xo‘jaliklari isteʼmolining oshishiga va aholining uzoq muddatli tovarlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilsa, boshqa tomondan, nasiya orqali xarid qilish amaliyoti aholi (yashirin) qarz yukining yuqori shakllanishiga va moliyaviy barqarorlik bilan bog‘liq xatarlarning ortib borishiga olib kelishi mumkin.

Xususan, Google platformasida “nasiya” so‘zining (lotin va kirill alifbosida) qidiruvlari 2021 yil oxiridan boshlab o‘suvchan tendensiyani namoyon etib, ayniqsa, “nasiya” so‘zi (lotin alifbosida yozilgani) bo‘yicha qidiruvlar aniq va yuqori o‘suvchan trendni ko‘rsatmoqda. Bu qidiruvlar asosan yoshlar tomonidan amalga oshirilayotganligi va nasiya savdoga ko‘proq yoshlar qiziqishbildirayotganini xulosa qilish mumkin.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) kredit byurosi bilan shartnoma tuzgan chakana savdo korxonalari soni 307 tani (bundan 53 tasi YATT)tashkil etmoqda.

Hududlar kesimidamazkur korxonalarning 36,2 foizi Farg‘ona viloyatida, 23,2 foizi Toshkent shahrida, 12,6 foizi Namangan viloyatida, 7,5 foizi Andijon viloyatida hamda 5,5 foizi Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Past ko‘rsatkichlar Sirdaryo (1,2 foiz), Jizzax (0,8 foiz) va Surxondaryo (0,4 foiz) vilotlariga to‘g‘ri kelmoqda. Hududlardagi mazkur taqsimlanish ushbu hududlardagi aholi soni, daromadlari hamda aholining qarashlaridan kelib chiqib yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkin.

Iqtisodiy faoliyat turlari (IFUT-2 bo‘yicha) kesimida KATM tizimiga ulangan korxonalarning 37 foizi maishiy texnika tovarlari chakana savdosi, 25 foizi – ixtisoslashmagan do‘konlarda boshqa tovarlar chakana savdosi (bir nechta turdagi tovarlar savdosi), 11 foizi – axborot va kommunikatsiya uskunalarisavdosi hamda 8 foizi mebel va maishiy jihozlar savdosi faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Shuningdek, mazkur korxonalar tushumlaridagi yillik tendensiyalar barqaror va sezilarli o‘sishni ko‘rsatmoqda. Xususan, 2018 yilda tushumlar 8,1 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 201,3mlrd so‘mga yetgan (qariyb 25 barobar).

Taʼkidlash joizki, tushumlar har 1-2 yilda deyarli ikki barobarga oshib borgan. Ayniqsa, 2022-2023 yillar oralig‘ida (qo‘shimcha 35 mlrd so‘m) va 2023-2024 yillar oralig‘ida (qo‘shimcha 94 mlrd so‘m) katta o‘sish qayd etilgan. Bunday o‘sish nasiya savdoning ommalashib borayotganligi hamda nasiya asosida taklif etilayotgan tovar va xizmatlar xilma-xilligining kengayib borayotganligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, so‘nggi 7 yilda bo‘lib to‘lash segmentining jadal rivojlanishi fonida nasiya savdo tashkilotlari tomonidan jalb qilingan bank krediti mablag‘lari hajmi 2018 yildagi 22,3 mlrd so‘mdan 2024 yilda 1 169,8 mlrd so‘mgacha yoki 52 barobarga oshdi.

2018-2024 yillarda jalb qilingan bank kredit stavkalari o‘suvchan tendensiyani namoyon etib, o‘rtacha yillik foiz stavkalari 18,7 foizdan 21,7 foizgacha oshgan.

Nasiya isteʼmolchilarining jinsi va yoshi bo‘yicha taqsimlanishini aniqlash maqsadida nasiya savdosi bilan shug‘ullanuvchi 2 ta tashkilot tanlab olinib, ular bo‘yicha tanlanma tahlil o‘tkazildi. Tahlillarga ko‘ra, nasiya xizmatlari isteʼmolchilarining aksar qismi 35 yoshgacha bo‘lgan aholi (63 foiz) – erkaklar 72 foiz va ayollar 53 foizni tashkil etadi.

Taʼkidlash joizki, 2024 yilda yuqoridagi nasiya tashkilotlaridagi jami mijozlar soni 1,9 mln kishini (1,1 mln erkaklar, 0,8 mln ayollar) tashkil etib, bunda faqat bitta nasiya tashkiloti (unikal) foydalanuvchilari soni 1,7 mln kishiga to‘g‘ri kelgan.

2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan unikal foydalanuvchilarning 777,5 ming nafarida qo‘shimcha ravishda bank kreditlari bo‘yicha qarzdorliklari mavjud bo‘lib, ushbu qarzdorlarning asosiy qismi (68,7foiz) mikroqarzlar xizmatidan foydalangan.

Eng yuqori o‘rtacha shartnoma summasi 51-65 yosh guruhiga to‘g‘ri kelib, ushbu guruhdagi erkaklarda – 2,0 mln so‘m, ayollarda – 1,7 mln so‘mni tashkil etmoqda. Yosh – 18-25 yoshdagi aholida – o‘rtacha shartnoma miqdori 900ming so‘m atrofida shakllangan.

Nasiya isteʼmolchilarining hududlar kesimida Toshkent shahri va Toshkent viloyati – jami 27 foiz, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari 9 foizdan to‘g‘ri kelib, eng past ulush Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida – 4 foizdan va Sirdaryo viloyatida 3 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, hududlar kesimida o‘rtacha shartnoma miqdori Surxondaryo viloyati (1,6 mln so‘m) va Xorazm viloyatida (1,4 mln so‘m) yuqori, Toshkent va Buxoro viloyatlarida – 1,2 mln so‘m hamda Farg‘ona viloyatida 1,1 mln so‘m atrofida past shakllangan.

Umuman olganda, nasiya bo‘yicha bir kishiga to‘g‘ri keladigan yuqori qarzdorlik yosh guruhlari kesimida 36-50 yoshli aholida – 4,2 mln so‘m, past 18-25 yoshli aholida – 2,9 mln so‘mni tashkil etmoqda. Shuningdek, hududlar kesimida mazkur ko‘rsatkich Toshkent shahrida yuqori – 5,5 mln so‘m shakllanib, respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (3,7 mln so‘m) deyarli 1,5 barobarga ko‘p.

2023-2024 yillarda shartnomalar soni 2023 yil fevral oyidagi 13,5 mingdan 2024 yil dekabr oyida 973minggacha oshdi (72,6 barobar) va mazkur davrda o‘rtacha shartnoma miqdori barqaror 1,2 mln so‘m atrofida shakllanib kelgan.

Shu bilan birga, 2024 yilda bir kishiga 3 ta shartnoma to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 2 tani tashkil etgan. Bunda Toshkent shahrida mazkur ko‘rsatkich 4 tani tashkil etib, Namangan va Andijon viloyatlarida 2 tadan to‘g‘ri kelmoqda.

Nasiya isteʼmolchilarining 52,1 foizida (971 ming kishi) 1 ta nasiya shartnomasi, 17,7 foizida (330 ming kishi) – 2 ta shartnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 4,4 foizida yoki 82 ming kishida 10 ta shartnomadan ko‘proq.

O‘zbekistondagi nasiya bozoridagi holatni o‘rganish maqsadida eng ommabop elektronik tovarlardan biri sifatida iPhone 16 Pro Max (256 GB) mobil telefoni tanlab olinib, mazkur tovarning maishiy texnika do‘konlaridagi narxlari, bo‘lib to‘lash shartlari bo‘yicha narx shakllanishi va ularga qo‘shimcha ustamalarning qanday qo‘shilishi, shuningdek, ushbu tovarning bank kreditiga to‘g‘ri keladigan foiz stavkalari o‘rganildi.

Tahlillarga ko‘ra, agar tovar 12 oylik to‘lov rejasi bilan nasiyaga sotib olinsa, do‘kon va nasiya taʼminotchilariga qarab, tovarning umumiy qiymatiga 27,3 foizdan 44,3 foizgacha (o‘rtacha 39,6 foiz) ustama qo‘shiladi. Bundan tashqari, tovar uchun ortiqcha to‘lov bank foiz stavkasi ekvivalentida hisoblanganda, ushbu stavkalar 47,1 foizdan 73,8 foizgacha (o‘rtacha 66,5 foiz) bo‘lgan oraliqni tashkil qiladi.

Umuman olganda, tanlangan tovar bank krediti (mikrokredit – 24,7%, mikroqarz – 40,3% va overdraft – 24,8%)25 orqali sotib olinganda, ortiqcha to‘lov summasi 14-23 foiz atrofida yoki o‘rtacha 17 foizni tashkil etgan bo‘lardi.

Taʼkidlash joizki, jadvaldagi tanlanma tovarni taklif etayotgan do‘konlarda tovarning dastlabki narxi ham bozordagi o‘rtacha narxga nisbatan yuqoriroq belgilangan. Masalan, iPhone 16 Pro Max mobil telefoni bozordagi narxi o‘rtacha 17 mln atrofida sotilsa (1 310 dollar), yuqoridagi do‘konlarda uning narxi 18 -23mln so‘m oralig‘ida shakllangan.

Shuningdek, dastlabki to‘lovni o‘z ichiga oluvchi nasiya savdosining boshqa turi ham mavjud. Masalan, “Brostore.uz” maishiy texnika do‘konida yuqorida tanlangan tovar narxi 17 770 000 so‘mni, dastlabki to‘lov esa 30 foizni, yaʼni 5 331 000 so‘mni tashkil etadi. Qolgan 12 439 000 so‘m 12 oyga bo‘lib to‘lansa, oylik to‘lov miqdori 1 805 254 so‘mni, tovarning umumiy qiymati esa 26 994 050 so‘mni tashkil qiladi, bu esa 51,9 foizlik ortiqcha to‘lovga teng (maʼlumotlar 2024 yil dekabr oyi holatiga).

“Idea” do‘konida maishiy texnikani ortiqcha to‘lovlarsiz nasiyaga xarid qilish imkoniyati mavjud bo‘lib, nasiya muddati 6 oyni tashkil etadi. Masalan, iPhone 16 Pro 128GB ushbu do‘konda 21 990 000 so‘m narxda taklif etilib, 6 oyga bo‘lib to‘langanida oylik to‘lov 3 665 000 so‘mni tashkil qiladi. Biroq, tovarning narxi bozordagi o‘rtacha narxga (14,4 mln so‘m) nisbatan 52,4 foizga yuqoriroq belgilangan (maʼlumotlar 2024 yil dekabr oyi holatiga).

Dunyo bo‘ylab nasiya to‘lov sxemalarining ommalashib borishi va ular bilan bog‘liq xatarlarning ortishi fonida ko‘plab xorijiy markaziy banklarda ushbu segmentni tartibga solish zaruriyati yuzasidan qarashlar paydo bo‘lmoqda. Xususan, nasiya bozori ishtirokchilarini litsenziyalash, nasiya shartlari shaffofligini oshirish, isteʼmolchilarni himoya qilish va maʼlumotlar almashinuvi tizimini joriy etish kabi masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekistonda nasiya savdo xizmatlarining ommalashuvi mamlakatning iqtisodiy va raqamli transformatsiya jarayonlaridagi muhim tendensiyalaridan biriga aylanmoqda. Mazkur xizmatlar, bir tomondan, isteʼmolni rag‘batlantirsa, boshqa tomondan ular bilan bog‘liq xatarlar – yashirin qarz yukining o‘sishi, tartibga solish mexanizmlarining yetarli darajada shakllanmagani sharoitida ushbu segmentning moliyaviy barqarorlikka salbiy taʼsirining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda dastlabki tadqiqot natijalariga ko‘ra, foydalanuvchilarning aksariyati 35 yoshgacha bo‘lib, ko‘p hollarda bir vaqtning o‘zida bir nechta nasiya shartnomalariga ega. Shuningdek, tovar narxlariga qo‘shilayotgan ustamalar bank kreditlari bilan solishtirilganda nisbatan yuqoriroq darajada shakllangan.

Mamlakatimizda nasiya xizmatlari bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish hamda mazkur segmentning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida nasiya bozori faoliyatini huquqiy va moliyaviy tartibga solishning aniq mexanizmlarini joriy etish dolzarb vazifa sifatida qaralishi lozim.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling