O‘zbekiston Prezidenti Hindistondagi aviafojea munosabati bilan mamlakat rahbariyati va xalqiga hamdardlik bildirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modi nomlariga Hindistonning Axmedabad shahrida yuz bergan halokatli aviaqazo munosabati bilan hamdardlik telegrammasini yo‘lladi.
Davlat rahbari fojea oqibatida halok bo‘lganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik, butun Hindiston xalqiga tasalli bildirib, jarohat olganlarga tez fursatda shifo topishini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, Hindistonning Gujarat shtatida Air India aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyoti quladi. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, bortida 242 kishi — 230 nafar yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj aʼzosi bo‘lgan.
News18 telekanali xabariga ko‘ra, halokat oqibatida kamida 133 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar soni aniqlashtirilmoqda.
Ayni gap Boeing 787 Dreamliner samolyoti haqida ketmoqda, u AI171 reysi bilan Axmedabaddan Londonga parvoz qilayotgan bo‘lgan. Fojea parvoz boshlangandan ko‘p o‘tmay, Axmedabad aeroporti yaqinida yuz bergan. Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, Megxaninagar tumanida kuchli portlashlar sodir bo‘lgan va shundan so‘ng yong‘in chiqqan.
Hodisa joyida qutqaruv xizmati faoliyat olib bormoqda, tegishli idoralar tomonidan tergov ishlari boshlangan. Hindiston rasmiylari hozircha halokat sabablari yuzasidan izoh bermagan.