O‘zbekiston terma jamoasi CAFA Nations Cup finalida Eronni 1:0 hisobida mag‘lub etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston terma jamoasi CAFA Nations Cup turniri finalida Eron milliy jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etib, g‘alaba qozondi.
Uchrashuv keskin tarzda boshlandi: o‘yinning uchinchi daqiqasida Eron terma jamoasi himoyachisi Ariya Yusefiy Abbosbek Fayzullayevga nisbatan qo‘pol qoidabuzarlik qilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka oldi va jamoasi maydonda o‘n kishi bilan qoldi. O‘zbekiston terma jamoasi son jihatdan ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay, uzoq vaqt davomida raqib himoyasini yorib o‘ta olmadi. Asosiy vaqt golsiz yakunlandi, kubok taqdiri esa qo‘shimcha vaqtda hal bo‘ldi.
Qo‘shimcha vaqtning so‘nggi daqiqalarida Oston O‘runov penalti ishlab oldi, ammo jamoa sardori Eldor Shomurodov to‘pni darvozadan yuqoriga yo‘lladi.
Barcha muxlislar seriya penaltiga tayyorlanayotgan bir paytda, so‘nggi daqiqalarda Xojakbar Alijonov boshi bilan Eron darvozasining uzoq burchagiga to‘pni aniq yo‘lladi va O‘zbekiston terma jamoasiga g‘alaba keltirdi.
Shu tariqa, milliy jamoa CAFA Nations Cup kubogini qo‘lga kiritdi.