O‘zbekiston va Franklin Templeton o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 3-may kuni “Templeton Global Investments” kompaniyasining Bosh investitsiya direktori Manraj Sehon boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Templeton Global Investments” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi o‘rinbosari Bobur Xo‘jayev, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Franklin Templeton — dunyodagi eng yirik va taniqli investitsiya boshqaruvi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Franklin Templeton aktivlarni boshqarish (Asset Management), o‘zaro investitsiya fondlari (Mutual Funds), xususiy kapital va infratuzilma loyihalari, raqamli aktivlar va innovatsion moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishlarda investitsiya xizmatlarini ko‘rsatadi.
Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, jumladan, kompaniyaning Milliy investitsiya jamg‘armasi boshqaruvchisi va ishonchli vakili sifatida kelgusidagi rejalar, mamlakatimizda xususiylashtirish va transformatsiya jarayonlarining o‘ziga xos jihatlari va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro investorlar bilan keng hamkorlik qilish yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Joriy yilning 1-may kuni Franklin Templeton kompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasi tashkil etildi hamda kompaniya O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi boshqaruvchisi va ishonchli vakili sifatida o‘z faoliyatini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-avgustdagi Farmoniga asosan aksiyadorlik jamiyati sifatida tashkil etilgan. Jamg‘arma mamlakatning 18 ta asosiy davlat korxonasida 20 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan minoritar ulushlarga ega. O‘zbekiston hukumati Jamg‘armaning 100 foizlik mulkdoridir.
Shuningdek, tomonlar yurtimizda davlat ishtirokidagi korxonalarni rivojlantirish yuzasidan islohotlarni jadallashtirish, davlat ishtirokidagi banklarni xususiylashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va yanada mustahkamlash hamda belgilangan maqsadlarga erishishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.