O‘zbekiston va Germaniya ta’lim sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 13-sentyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Germaniya Federativ Respublikasining Anxalt amaliy fanlar universiteti prezidenti professor Yorg Bagdan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Samarqand shahrida universitet filialini ochish imkoniyatlari muhokama qilinib, uning ahamiyati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, ta’lim sohasida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, talabalarni amaliyot bilan ta’minlash va ularni ishga joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va Germaniya sanoat korxonalarini hamkorlikka jalb etish zarurligi qayd etildi. Nemis delegatsiyasi mazkur taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Tomonlar Germaniyada forum tashkil etish, qator universitetlarga tashriflar va uchrashuvlar o‘tkazish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Forum doirasida Anxalt universiteti va O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Suhbat yakunida 2025-yil noyabr oyida Germaniyada bo‘lib o‘tadigan forum doirasida ushbu masalalarni yanada batafsil muhokama qilish hamda keyingi amaliy qadamlarni belgilashga kelishib olindi.