Valyuta kurslari 16/07/2025
$1 – 12778.12
UZS – 0,62%
€1 – 14931.23
UZS – 0,56%
₽1 – 164.01
UZS – 1,14%
Qidirish
Iqtisod 15/07/2025 O‘zbekiston va IMPACT BIO Protein va biologik parchalanadigan polimerlarni ishlab chiqarish loyihasini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston va IMPACT BIO Protein va biologik parchalanadigan polimerlarni ishlab chiqarish loyihasini muhokama qilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Rossiyaning biotexnologik tadqiqot va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi "IMPACT BIO" kompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Ivan Savinsev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda “Ozuqa va oziq-ovqat maqsadlarida oqsil mahsulotlarini hamda biologik parchalanadigan polimerlarni metanotrof sintez qilish va ishlab chiqarish texnologiyasi”ni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha hamda bu yo‘nalishda bajarilishi lozim bo‘lgan amaliy ishlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mazkur biotexnologik ishlab chiqarish majmuasida tayyorlanadigan mahsulotlar yuqori samaradorlikka ega ozuqa va oziq-ovqat qo‘shimchalari bo‘lib, ular MDH mamlakatlari hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi oqsil mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qoplash va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

Qahramon Yuldashev ushbu loyiha ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan, bunday investitsion tashabbuslar bugungi kunning dolzarb ehtiyojlariga mos kelishini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, loyiha doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan vakolat doirasida zarur ko‘mak va hamkorlik ko‘rsatilishi ta’minlanishini bildirdi.

Uchrashuv yakunida loyiha bo‘yicha o‘rganilishi lozim bo‘lgan masalalarni chuqur tahlil qilish, amaliy harakatlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish va ularning ijrosini tizimli nazorat qilish bo‘yicha kelgusi rejalar belgilab olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling