O‘zbekiston va Pokiston Savdo-sanoat palatalari hamkorligida Toshkentda xalqaro konferensiya tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi binosida Pokiston Islom Respublikasining Ravalpindi Savdo va sanoat palatasi (RCCI) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov, RCCI vitse-prezidenti Fahad Barlas hamda “36-xalqaro yutuqlar mukofotlari va biznes imkoniyatlari konferensiyasi” raisi Shahraiz Ashraf Malik ishtirok etdilar.
Ravalpindi Savdo va sanoat palatasi (RCCI) 1952 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Pokistonning yetakchi biznes tuzilmalaridan biri hisoblanadi. RCCI tomonidan o‘tkaziladigan International Achievement Awards (RIAA) va Business Opportunities Conference (BOC) kabi nufuzli tadbirlar BAA, Turkiya, Ozarbayjon, Shri-Lanka, Malayziya va Misr kabi mamlakatlarda muvaffaqiyatli tashkil etilgan.
Tomonlar uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, 2025 yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “36-xalqaro yutuqlar mukofotlari va biznes imkoniyatlari konferensiyasi”ni tashkil etishga oid masalalarni ko‘rib chiqdilar.
Anjumanda qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalar, tekstil va yengil sanoat, logistika va transport xizmatlari, energetika va “yashil” loyihalar, turizm va servis xizmatlari, farmatsevtika va tibbiy uskunalar yo‘nalishlardagi yetakchi kompaniyalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Konferensiya doirasida xalqaro sarmoyadorlar va biznes doira vakillari ishtirokida investitsiya loyihalari taqdim etiladi, hamkorlik memorandumlari imzolanadi va qo‘shma korxonalar tuzish imkoniyatlari muhokama qilinadi.