O‘zbekiston va Polsha IT va ta’lim texnologiyalari sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Polsha Respublikasining Ta’lim vaziri Novatskaya Barbara boshchiligidagi rasmiy delegatsiya IT Park Uzbekistan’ga tashrif buyurdi. Delegatsiyaning tashrifi O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida axborot texnologiyalari, ayniqsa IT ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
Tashrif doirasida delegatsiya UZINFOCOM markazi va muhim infratuzilmalarning kiberxavfsizligini ta’minlashga qaratilgan innovatsion loyihalar markazi — UZSOC faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga elektron hukumat tizimlari, milliy raqamli infratuzilma, axborot xavfsizligi choralari, shuningdek, sohadagi yirik loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Polsha ta’lim vaziri Novatskaya Barbara o‘rtasida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar raqamli texnologiyalar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Xususan, hamkorlikda qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish, yoshlar uchun almashinuv dasturlari va stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, raqamli o‘quv resurslari, onlayn ta’lim platformalari hamda o‘qituvchilar salohiyatini oshirish yo‘nalishida hamkorlik qilish masalalari ham kun tartibida bo‘ldi.
Polsha delegatsiyasi mamlakatning raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlariga yuqori baho berdi va bu boradagi tajriba almashinuvining ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini ta’kidladi.