Valyuta kurslari 30/06/2025
$1 – 12654.13
UZS – 0,54%
€1 – 14817.99
UZS – 0,4%
₽1 – 161.18
UZS – 0,47%
Qidirish
Texnologiyalar 23/05/2025 O‘zbekiston va Qozog‘iston raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni muhokama qildi

O‘zbekiston va Qozog‘iston raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasining Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan’ga tashrif bilan keldi.

Tashrif doirasida mehmonlarga 22-may kuni Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik Ijroiya qo‘mitasining ochilgan bo‘limi bilan tanishtirildi. Shundan so‘ng, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda istiqboldagi rejalar haqida batafsil taqdimotlar namoyish etildi.

Delegatsiya, shuningdek, IT sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan Ustudy IT akademiyasi, muhim infratuzilmalar kiberxavfsizligini ta’minlashga qaratilgan innovatsion loyihalar markazi — UZSOC va raqamli yechimlar integratsiyasi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan Yagona integrator UZINFOCOM ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, sun’iy intellekt va ilg‘or raqamli yechimlar yo‘nalishidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrifning asosiy qismida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Qozog‘iston delegatsiyasi o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda, xususan, transchegaraviy telekommunikatsiya xizmatlarini yanada takomillashtirish, O‘zbekiston va Qozog‘iston IT-kompaniyalari xizmatlarini birgalikda jahon bozoriga keng miqyosda olib chiqish, xizmatlar eksportini oshirish va ikki mamlakat texnoparklari o‘rtasida samarali hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, ikki davlat hamkorlikda, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlariga qo‘shma loyihalarni kiritish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. Qozog‘istonlik startaplar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, investitsiyalarni jalb etish va ularni xalqaro platformalarga olib chiqish borasida ham hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan BMT Davlat xizmati forumi hamda 2025-yil 23–25-sentabr kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “ICT Week Uzbekistan” xalqaro tadbirlarida Qozog‘iston delegatsiyasining faol ishtirokini ta’minlashga kelishib oldilar.

Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar va telekommunikatsiya sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirib, bu yo‘nalishda izchil ishlar davom ettirilishini ta’kidladilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling