Valyuta kurslari 04/07/2025
$1 – 12557.56
UZS – -0,27%
€1 – 14809.13
UZS – -0,08%
₽1 – 159.44
UZS – -0,46%
Qidirish
Iqtisod 05/07/2025 O‘zbekiston va Sojitz korporatsiyasi tibbiyot, energetika va innovatsiyalar sohalarida loyihalar ishlab chiqishga kelishib oldi

O‘zbekiston va Sojitz korporatsiyasi tibbiyot, energetika va innovatsiyalar sohalarida loyihalar ishlab chiqishga kelishib oldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —  Joriy yilning 4-iyul kuni Yaponiyaning “Sojitz Corporation” kompaniyasining Prezidenti va Bosh ijrochi direktori Kosuke Uemura boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Sojitz Corporation” kompaniyasining Energetika va sog‘liqni saqlash departamenti bosh direktorining o‘rinbosari Yasihude Machida, Aviatsiya, transport va ijtimoiy infratuzilma departamenti bosh direktorining o‘rinbosari Kanehisa Nango hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Ilhomjon Umrzakov, Otabek Fazilkarimov, Umid Abidxadjayev va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Sojitz Corporation – Yaponiyaning yirik savdo va investitsiya kompaniyasi (sogoshosha) bo‘lib, 2004-yilda Nissho Iwai Corporation va Nichimen Corporation kompaniyalari birlashishi natijasida tashkil etilgan. Sojitz dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq davlatda faoliyat yuritadi, ko‘plab mamlakatlarda elektr stansiyalari, kon loyihalari, avtomobil ta’minoti, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish kabi sohalarga investitsiya kiritgan.

Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, hamkorlikning yo‘nalishlarini yanada kengaytirish, mamlakatimizdagi iqtisodiy jarayonlar hamda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan muhokamalar olib bordi.

Muhokamalar davomida quyidagi yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi:

Hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning ko‘lamini kengaytirish;

Infratuzilmani rivojlantirish, yashil transformatsiya, IT va startup loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;

DXSH asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, hududlarda zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxonalar qurish, elektr uzatish infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimini modernizatsiya qilish;

Mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirish, shu bilan birga kelgusidagi ustuvor maqsadlarni amalga oshirish va keng qamrovli tajriba almashinuv jarayonlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, yuqorida qayd etilgan sohalarda samarali loyihalarni ishlab chiqish hamda fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling