Valyuta kurslari 16/07/2025
$1 – 12778.12
UZS – 0,62%
€1 – 14931.23
UZS – 0,56%
₽1 – 164.01
UZS – 1,14%
Qidirish
Iqtisod 15/07/2025 O‘zbekiston va Tatariston mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Tatariston mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 14-iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Volgabo‘yi federal okrugiga amaliy tashrif doirasida Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida mehnat migratsiyasi, Tatariston hududida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, iqtisodiy, ta’lim va madaniy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tatariston Raisi respublikada o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining mintaqa iqtisodiyoti rivojiga qo‘shayotgan hissasi yuksak qadrlanishini ta’kidlab, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni Tatariston rahbariyatining migratsiya masalalariga qaratayotgan e’tibori uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston xavfsiz, tartibga solinadigan va qonuniy mehnat migratsiyasini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Tomonlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar:
• migrantlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini, shu jumladan axborot markazlari va maslahat maydonchalarini rivojlantirish;
• mehnat migrantlari uchun malakalarni tan olish va kasbiy ta’limni kengaytirish;
• iqtisodiyot, investitsiya va logistika sohalarida hamkorlik;
• gumanitar aloqalarni, shu jumladan madaniy tadbirlar, akademik almashinuvlar va yoshlar dasturlarini mustahkamlash.

Shuningdek, O‘zbekiston va Tatariston hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, birodarlik aloqalari va qo‘shma biznes platformalarini rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Rossiya strategik hamkorligini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shgan holda muntazam muloqotni davom ettirish va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga kelishib oldilar.

Xususan, tomonlar noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini ishlab chiqish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Tatariston Respublikasida mehnat faoliyatini tashkiliy ravishda jalb qilish hajmini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tuzishga hamda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni qabul qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib oldilar. 

Shuningdek, Tatariston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili S.X. Saburskayaning O‘zbekiston fuqarolariga tezkor huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Bosh konsullik veb-saytida aloqa raqamlarini joylashtirishga roziligi olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling