O‘zbekiston va Vengriya parlamentlararo hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10-sentabr kuni Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oral Ataniyazova Vengriya Milliy majlisi raisi o‘rinbosari Ishtvan Yakab bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Keyingi yillarda ikki tomonlama parlamentlararo aloqalar sezilarli darajada faollashgani taʼkidlandi.
Taʼlim, fan va sog‘liqni saqlash hamda ekologiya sohalaridagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashishni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Ikki tomonlama muloqotni ilgari surishda parlamentlararo hamkorlik guruhlari muhim o‘rin tutishi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan Oliy Majlis Senatida faoliyat yuritayotgan Vengriya Milliy majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhning izchil faoliyati qayd etildi.