O‘zbekiston – Xitoy “yashil” minerallar bo‘yicha ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi delegatsiyalarining “yashil” minerallar bo‘yicha ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbirda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishda muhim ahamiyat kasb etuvchi sohalar – qayta tiklanuvchi energetika, elektromobillar va yuqori texnologiyali sanoat uchun zarur bo‘lgan strategik xomashyo — texnologik metallar ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar taqdimot qilindi.
Xususan, 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan sanoat uchun muhim minerallar sohasini rivojlantirish dasturi doirasida xomashyodan tayyor mahsulotga bo‘lgan ko‘p pog‘onali qiymat zanjirlarini yaratish bo‘yicha loyihalar haqida ma’lumot berildi hamda ularni moliyalashtirish mexanizmlari yuzasidan qisqa muddatlarda o‘zaro manfaatli takliflar ishlab chiqishga kelishildi.
Texnogen chiqindilarni qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va ilg‘or texnologiyalar transferi bo‘yicha innovatsion yechimlar taklif etildi.