O‘zbekistonda 2026 yildan boshlab shaxsiylashtirilgan avtomobil raqamlariga ruxsat beriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda avtomobil egalari alohida harf-raqam birikmalariga ega bo‘lgan yagona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan davlat raqamlarini xarid qilishlari mumkin bo‘ladi.
Bu boradagi tegishli qaror 4 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilindi.
Bunday raqamlarni ochiq elektron auksionlar orqali sotish huquqi “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasiga berildi.
Yangi raqamlarda oltigacha harf va raqam qo‘llanilishi mumkin, ammo ular amaldagi raqamlar bilan takrorlanmasligi va qonun hamda maʼnaviy meʼyorlarga zid ifoda va belgilardan iborat bo‘lmasligi shart.
Shu tariqa, mamlakat yo‘llarida “SARVAR”, “AZIZA”, “ODIL” yoki “BUXORO” kabi raqamli avtomobillar paydo bo‘lishi mumkin, deb yozadi O‘zA.
Shaxsiylashtirilgan raqam belgilarini joriy etish g‘oyasi hali 2019 yildayoq «Mening Fikrim» kollekttiv murojaatlar portalida muhokama qilingan edi. O‘shanda tashabbus muallifi bu amaliyot ko‘plab davlatlarda joriy qilingani va davlat byudjetiga qo‘shimcha daromad keltirishi mumkinligini taʼkidlagan.
Hozirgi kunda esa avtoraqam.uzex.uz portali orqali faqat standart formatdagi “chiroyli” raqamlar elektron savdolar orqali sotilmoqda.
Shaxsiylashtirilgan raqamlarni joriy etish bo‘yicha petitsiya 900 dan ortiq ovoz to‘plagan, ammo Qonunchilik palatasi muhokamasiga chiqish uchun zarur bo‘lgan 10 ming imzo chegarasiga yetmagan.