O‘zbekistonda “BYD” elektromobillari: yangi zavod, yangi marralar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-martdagi 132-sonli qaroriga muvofiq, “BYD Uzbekistan Factory” MCHJ qo‘shma korxonasida gibrid avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur zavodning rasmiy ishga tushirilishi esa 2024-yil 27-iyun kuni Prezidentimiz tashrifi davomida amalga oshirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 160 million AQSh dollarini tashkil etib, korxona yiliga 50 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega. 2024-yil davomida 60 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 1300 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Zavodning payvandlash, bo‘yash va yig‘ish sexlari zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan bo‘lib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) hududida yagona bo‘lgan ilg‘or laboratoriya ham shu yerda faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, mahalliylashtirish jarayonlari ham jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Respublikadagi 7 ta mahalliy korxonada 60 ga yaqin butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda.
Ayni paytda “BYD”ning 8 ta modeli – “Song Plus DMi”, “Song Plus EV”, “Chazor”, “Song Pro”, “Han”, “Seagull”, “E2” va “Yuan Up” avtomobillari O‘zbekiston bozorida taqdim etilmoqda. Ular mahalliy iqlim sharoitlariga moslashtirilgan bo‘lib, multimedia tizimida o‘zbek va rus tillari, masofadan boshqaruv hamda internet imkoniyatlari mavjud.
Shuningdek, mamlakat bo‘ylab 21 ta rasmiy dilerlik va servis markazi orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatilmoqda.
Yana bir muhim jihatni ta‘kidlab o’tish joiz. Yaqinda Jizzax shahridagi “BYD Uzbekistan Factory” korxonasida ISO 9001:2015 xalqaro sertifikati tantanali ravishda topshirildi. Bu muhim voqea O‘zbekiston avtomobilsozligi tarixida sifatni boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq yangi bosqichning boshlanishini anglatadi.
Tadbirda davlat idoralari, ommaviy axborot vositalari hamda “Bureau Veritas” kompaniyasining rasmiy vakillari ishtirok etdi. Sertifikat korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari ISO 9001:2015 “Sifat menejmenti tizimi” xalqaro standartlariga to‘liq javob berishini tasdiqlaydi. Bu esa mahsulotlar sifati bo‘yicha ichki va tashqi bozorlarda ishonchni oshiradi va eksport salohiyatini kengaytiradi.
Taqdirlash marosimida “Bureau Veritas Tashkent” sertifikatlashtirish tashkiloti rahbari Munira Rasulova so’zga chiqib “ISO xalqaro standartlarini joriy etish – yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanish tamoyillariga rioya qilish, BYD kompaniyasining ijobiy imidjini shakllantirish, biznes-xavflarni boshqarish hamda hamkorlar va iste’molchilar ishonchini oshirishga xizmat qiladi” deb ta’kidladi.
Shuningdek, “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Muxitdinov Azizbek Adilovich marosimda so‘zga chiqib shunday dedi: “Oldimizda yana ko‘plab muhim marralar turibdi. Jumladan, biz energetika sohasi, korrupsiyaga qarshi boshqaruv va avtomobil sanoatiga oid yana bir qator xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishimiz zarur. Albatta, bu yutuqlarimiz Prezidentimiz tomonidan bizga bildirilgan katta ishonch natijasidir. BYD jamoasi bu ishonchni oqlash yo‘lida qisqa fursatda salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Endilikda asosiy vazifamiz – xalqimizga sifatli, zamonaviy va ekologik toza transport vositalarini o‘z vaqtida yetkazib berishdir.”
“BYD Uzbekistan Factory” tomonidan olib borilayotgan ishlar mamlakatimizda yashil transport sohasini rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va innovatsion sanoatni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim bosqich sanaladi.