O‘zbekistonda “Ilm-fan va atom” oltinchi xalqaro festivali o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-15 fevral kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan ushbu “Ilm-fan va atom” oltinchi xalqaro festivalida 600 dan ortiq o‘quvchilar, talabalar, o‘qituvchilar hamda atom sohasi yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi. Unda ishtirokchilar atom ilmi va texnologiyalari, atom energetikasi kelajagi, sohaning kasbiy imkoniyatlari kabi qator masalalarda fikr almashdi.
Qayd etilganidek, ushbu festival mamlakatdagi eng yirik taʼlimiy tadbirlardan biri bo‘lib, yoshlar orasida atom ilmi, texnologiyalari va muhandislik sohalarini ommalashtirishga qaratilgan.
Festivalning ilk tadbiri Toshkentdagi “MMFI” MTYAU filialida tashkil etildi. Unda mazkur oliygohning ijrochi direktori Shavkat Abdukomilov bu kabi tadbirlar fan taraqqiyoti va O‘zbekistonning atom sohasi uchun kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
“So‘nggi yillarda O‘zbekiston atom energetikasi rivojlanishida katta qadamlar qo‘ymoqda. Birinchi atom elektr stansiyasining qurilishi energetik mustaqillik va barqaror rivojlanishga keng yo‘l ochadi. Bu jarayonda bizning universitetimiz – “MMFI” MTYAU muhim rol o‘ynab, unda atom sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlanmoqda. Bugungi festival yadro texnologiyalarining energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda qo‘llanilishi haqida bilib olish barobarida, har bir ishtirokchi uchun ilm-fan yo‘nalishida o‘zining munosib yo‘lini belgilash imkoniyati hamdir. Interaktiv maʼruzalar, ilmiy shoular, zamonaviy laboratoriyalarga ekskursiyalar yoshlarni tadqiqot va innovatsiyaga qiziqish o‘yg‘otishga qaratilgani bilan eʼtiborlidir”, – deb taʼkidladi u.
Festival dasturidan maʼruzalar, mahorat darslari, ilmiy tajribalar, interaktiv namoyishlar va kinofilmlar ko‘rsatuvi o‘rin oldi. Ishtirokchilar tahliliy tadbirlar bilan birga, fizika jarayonlarini kuzatib o‘rganish imkoniga ega bo‘ldilar. Masalan, ular anʼanaviy yorish chiroqlari bilan LED lampalarning farqini o‘rganib, o‘z qo‘llari bilan yoritish qurilmasini yig‘dilar, shaxsiy elektr pianinosini yaratishdi va elektrning inson organizmiga taʼsirini namoyon etuvchi ilmiy tajribalarda ishtirok etdilar.
Festival nafaqat bilim manbai, balki samarali kasbiy yo‘naltirish maydoni ham bo‘ldi. Unda talabalar va maktab o‘quvchilari atom energetikasi sohasida taʼlim olish imkoniyatlari, stipendiya dasturlari va yuqori texnologiyali tarmoqlardagi kasbiy faoliyat istiqbollari haqida maʼlumot oldilar.
Ahamiyatlisi shuki, har kuni ishtirokchilar uchun maxsus kontent taqdim etildi. Jumladan, 14 va 15 fevral kunlari Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnik universiteti va Jizzax politexnika institutida Oliver Stounning “Atom” hujjatli filmi namoyish etildi. Filmda atom energetikasining ekologik toza va ishonchli manba sifatida rivojlanishini muhokama qiluvchi dolzarb masalalar ko‘tarilgan. Tomoshadan so‘ng ishtirokchilar film haqida mutaxassislar bilan faol fikr almashib, atom energetikasi va uning O‘zbekistondagi istiqbollari haqida savollar yo‘lladilar.
Tashkilotchilarning fikriga ko‘ra, yoshlar orasida ilm-fan va atom texnologiyalariga bo‘lgan qiziqish yil sayin oshib bormoqda. “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati rahbari, agentlik direktori matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi Gulruxsor Ravshanova mazkur tadbirning ahamiyatini alohida taʼkidladi.
“Ilm-fan va atom festivali – bu shunchaki taʼlimiy uchrashuvlar silsilasi emas. Bu mamlakatimiz texnologik kelajagini shakllantirishga qaratilgan muhim qadamdir. Olti yil mobaynida festival maktab o‘quvchilari, talabalar, o‘qituvchilar, olimlar va atom sohasi mutaxassislarini birlashtiruvchi muloqot maydoniga aylanib ulgurdi. Bu yilgi festivalda zamonaviy dunyoda dolzarb bo‘lgan yangi formatlar, jumladan, sunʼiy intellekt yo‘nalishi taqdim etildi. Bu nafaqat muhim masala, balki ishtirokchilar uchun ilg‘or texnologiyalarga chuqurroq kirib borish va kreativ tafakkurini rivojlantirishga qaratilgan noyob imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, festivalga tashrif buyurgan maktab o‘quvchilarining Toshkentdagi “MMFI” MTYAU filialida o‘qishga qiziqish bildirishi va keyinchalik ushbu nufuzli oliygohning abituriyentiga aylanishi quvonarli holdir. Bu esa festivalning yoshlar orasida kasbiy intilishlarni shakllantiruvchi platforma sifatidagi ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bu yilgi festivalda ikki yangi maydonchaning paydo bo‘lishi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Jizzax politexnika instituti ulardan biri bo‘lib, mazkur oliygoh O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilayotgan hududda joylashganidir. Shu tariqa, festival nafaqat o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda, balki zamonaviy tendensiyalarga mos ravishda faol rivojlanib, muhandislik mutaxassisliklariga qiziquvchi yoshlarni jalb etmoqda. Bu esa kelajakda mamlakatimiz atom energetikasi va sohaning ilg‘or ishlanmalari markaziga aylanadi. Aynan shu yerda, festival doirasida yangi g‘oya va maqsadlar shakllanadi hamda yurtimizda ilg‘or tashabbuslarni ilgari surishga puxta zamin yaratiladi”, –deb taʼkidladi u.
“Ilm-fan va atom” xalqaro festivali O‘zbekistonda 2019 yildan buyon “Rosatom” davlat korporatsiyasi va “O‘zatom” agentligi ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda.
Maʼlumot uchun:
“Ilm-fan va atom” xalqaro festivali har yili o‘tkaziladigan taʼlimiy tadbir bo‘lib, yoshlar orasida muhandislik va texnik mutaxassisliklarni ommalashtirishga qaratilgan. Festival dasturiga maʼruzalar, mahorat darslari, ilmiy namoyishlar, amaliy mashg‘ulotlar va ekskursiyalar kiritilgan.
“Ilm-fan va atom” xalqaro festivallari atom sanoati va yadro texnologiyalari rivojlanayotgan ko‘plab mamlakatlarda o‘tkaziladi. Shuningdek, bugungi kunda ushbu tadbirlar atom energetikasi va yadro texnologiyalarining noenergetik qo‘llanilishini rivojlantirayotgan Bangladesh, Hindiston, Belarus, Armaniston, Misr, Vyetnam, Indoneziya kabi qator davlatlarda tashkil etiladi.