O‘zbekistonda xususiy OTMlar uchun litsenziya talablari qatʼiylashtirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda nodavlat oliy taʼlim muassasalarini litsenziyalash bo‘yicha yangi, qatʼiylashtirilgan talablar joriy etildi.
Vazirlar Mahkamasining 403-sonli qaroriga muvofiq, xususiy OTM ochmoqchi bo‘lgan arizachilar quyidagi hujjat va talablarga rioya etishlari shart:
Taʼlim muassasasining konsepsiyasi taqdim etilishi kerak. Unda nomlanishi, huquqiy maqomi, boshqaruv tuzilmasi, taʼlim yo‘nalishlari, qabul mezonlari, taʼlim sifati, kontrakt to‘lovlari, besh yillik rivojlanish rejasi va boshqa zarur maʼlumotlar bo‘lishi lozim.
Ustav jamg‘armasi kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart.
350 ming dollar miqdoridagi mablag‘ bankda depozit schyotiga joylashtirilishi talab etiladi.
Taʼlim muassasasi 5 ming kvadrat metrdan kam bo‘lmagan o‘quv binosiga ega bo‘lishi yoki ushbu binoni kamida besh yil muddatga ijaraga olgan bo‘lishi zarur.
Faoliyatning birinchi besh yilida yillik foydaning 80%, keyingi yillarda esa 50%dan kam bo‘lmagan qismi taʼlim muassasasini rivojlantirishga yo‘naltirilishi shart.
Qaror rasman eʼlon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Bundan avval litsenziya olgan muassasalar esa o‘z faoliyatini yangi talablarga muvofiqlashtirish uchun 2026 yil 1 yanvarga qadar zarur o‘zgarishlarni amalga oshirishlari shart.