Valyuta kurslari 30/06/2025
$1 – 12654.13
UZS – 0,54%
€1 – 14817.99
UZS – 0,4%
₽1 – 161.18
UZS – 0,47%
Qidirish
Moliya 30/06/2025 O‘zbekistonliklarning har uchinchisi bir yil davomida pul jamg‘ara olmagan — Markaziy bank va OTB tadqiqoti

O‘zbekistonliklarning har uchinchisi bir yil davomida pul jamg‘ara olmagan — Markaziy bank va OTB tadqiqoti

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati va moliyaviy savodxonlik darajasini o‘rganish maqsadida keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazildi.

So‘rovnoma mamlakatning Qoraqalpog‘istondan tortib Toshkentgacha bo‘lgan olti hududida 1200 nafar respondentni qamrab oldi. Bundan tashqari, 198 nafar ayollar, yoshlar va qishloq aholisini jalb etgan fokus-gruppalar doirasida chuqur intervyular o‘tkazildi.

Tadqiqotning asosiy maqsadi — faqatgina raqamlarni yig‘ish emas, balki moliyaviy tizim qanday ishlayotganini, bankomatlardan to mobil ilovalargacha bo‘lgan vositalar odamlarning kundalik hayotiga qay darajada integratsiyalashganini amalda tekshirish bo‘ldi. Konferensiyalarda aytiladigan shodumon hisobotlar bu gal hayotning o‘zida sinovdan o‘tkazildi.

Moliyaviy infratuzilma nuqtai nazaridan, O‘zbekiston so‘nggi yillarda MDH davlatlari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallashga erishdi. Oxirgi besh yilda moliyaviy xizmatlarga kirish imkonini beruvchi nuqtalar soni qariyb 20% ga oshdi.

Poytaxt aholisining 94% internetdan foydalanadi, qishloq joylarda esa bu ko‘rsatkich 71%. Har qancha farq bordek tuyulsa-da, u endi tanqidiy darajada emas. Ammo bankomatlar va terminallar mavjudligi — ular haqiqatan foydalanish uchun ochiq degani emas: ko‘pincha odamlar ulardan qanday foydalanishni bilmaydi yoki buni zarur deb hisoblamaydi.

Eng asosiy ko‘rsatkichlardan biri — jamg‘arma. So‘nggi bir yil ichida so‘rovda qatnashganlarning 39% umuman pul jamg‘ara olmagan. Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 54% ga, ishsizlar orasida — 52%, yoshlar orasida — 47% ga yetadi. Lekin odamda ish yoki taʼlim bo‘lsa, manzara o‘zgaradi: oliy maʼlumotlilarning faqat 27% pul jamg‘ara olmagan, 8–9 sinfni tugatganlar orasida esa bu ko‘rsatkich 53%. Demak, eng kamida barqarorlik bo‘lsa, moliyaviy xavfsizlikni taʼminlash imkoni paydo bo‘ladi.

Kreditlarga kelsak, so‘rovda qatnashganlarning taxminan 30% so‘nggi bir yilda qarz olgan, lekin shularning faqat 12% bankidan foydalangan. Qolganlari hali ham do‘st va qarindoshlarga tayanishadi — bu bank tizimiga ishonmaslikdan emas, balki bankdagi jarayonlar murakkabligi sabab. Shunga qaramasdan, ishli va maʼlumotlilar orasida rasmiy kreditlar tobora odatiy holga aylanmoqda: ishlayotganlar orasida kredit olganlar ulushi — 28%, oliy maʼlumotlilar orasida — 19%. Bu — tizim ishlayapti, lekin hozircha muayyan doiradagilar uchun, degani.

Pensionerlar va ishsizlar hali ham rasmiy kredit tizimidan deyarli chetda qolmoqda: ularning faqat 5% va 7% bankidan qarz olgan. Bu yerda muammo odamlarda emas, bank tizimining talablarida — ular ko‘pincha ushbu toifani ishonchli qarz oluvchi deb hisoblamaydi.

Aholining hayotida pul o‘tkazmalari katta o‘rin tutadi. So‘rovda qatnashganlarning yarmidan ko‘prog‘i doimiy ravishda qarindoshlari yoki yaqinlaridan pul oladi: 39% — har oy, yana 12% — har ikki oyda. O‘tkazmalar aksar holda kartaga tushsa-da, 84% odam pulni darhol naqdlashtiradi. Naqd pulga bo‘lgan odat hali ham kuchli va yaqin kelajakda o‘zgarishi qiyin. Shunga qaramay, pul oluvchilarning 77% kamida bir qismini jamg‘arishga harakat qiladi — bu uzoq muddatli reja emas, balki hayotdagi kutilmagan holatlarga qarshi ehtiyot chorasidir.

Tadqiqot moliyaviy savodxonlikda ham jiddiy kamchiliklarni aniqladi. So‘rovda qatnashganlarning 59% bank hisobvarag‘iga ega bo‘lsa-da, faqat 7,4% uni jamg‘arma uchun ishlatar ekan. Deyarli yarmi moliyaviy ilovalarini himoya qilish uchun parol qo‘llamaydi, janubiy hududlarda esa ko‘pchilik bank kartasi yo‘qolsa, nima qilishni bilmas ekan. Bu masʼuliyatsizlik emas — aksincha, bilim, ishonch va tajribaning yetishmasligidir.

Hisobotning asosiy xulosasi: O‘zbekiston moliyaviy tizimi odamlar uchun begona emas, lekin hali ham o‘zinikiga aylanmagan. O‘zgarishlar ketayotgani ayon — ular har doim tizimli yoki teng bo‘lmasa-da, oldinga harakat bor. Endilikda regulyatorlar va banklar ana shu o‘zgarishlarga qanchalik ehtiyotkor va diqqat bilan yondashishsa, mamlakat moliyaviy tizimi ham shunchalik tez va keng doirada fuqarolar uchun tushunarli hamda ochiq bo‘lib boradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling