Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
O‘zbekiston 26/03/2025 O'zbekistonning birinchi elchisi San-Marino Kapitan-regentlariga ishonch yorliqlarini topshirdi

O'zbekistonning birinchi elchisi San-Marino Kapitan-regentlariga ishonch yorliqlarini topshirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning San-Marinoga tayinlangan birinchi elchisi Abat Fayzullayev (qarorgohi Rimda joylashgan) mazkur davlat rahbarlari – Kapitan-regentlar Francheska Chiverkya va Dalibor Rikkardiga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tantanali marosimda San-Marino tashqi ishlar vaziri Luka Bekkari so'zga chiqib akkreditatsiyadan o'tgan elchilarni olqishladi.

Vazir Luka Bekkari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy va demokratik islohotlarni, O'zbekiston va San-Marino o'rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan sa'y-harakatlarni, jumladan ushbu mamlakatga birinchi elchining tayinlanishini yuqori baholadi.

O'zbekistonning iqlim va atrof-muhit bilan bog'liq muammolarga qarshi kurashishda hamda barqaror rivojlanish yo'lida olib borayotgan oqilona siyosati yuksak baholandi.

Shuningdek, o'zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ikki tomonlama shartnoma-huquqiy bazani mustahkamlash, ko'p tomonlama hamkorlik yo'nalishida, xususan, BMT va YEXHT doirasida nomzodlar va tashabbuslarni o'zaro qo'llab-quvvatlash kabi mavjud manfaatli sheriklikni davom ettirishga ishonch bildirildi.

O'zbekiston va San-Marino o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 2021-yil 3-fevralda o'rnatilgan. 

Eslatib o'tamiz, Abat Fayzullayev 2023-yil noyabr oyidan buyon O'zbekistonning Italiyadagi elchisi va Rimdagi xalqaro tashkilotlar (FAO, QXRXJ, BOOD) huzuridagi doimiy vakili hamda 2024-yil dekabr oyidan boshlab O'zbekistonning Kiprdagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Abat Fayzullayev 2020-2023-yillarda O'zbekistonning Avstriyadagi va o'rindoshlik asosida Vengriyadagi elchisi sifatida ishlagan. U bir vaqtning o'zida O'zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimida faoliyat olib borgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling