O‘zbekistonning Latviyadagi turizm brendi elchisi tayinlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasining Riga shahridagi elchixonasi ko‘magida Latviyaning yetakchi sayyohlik agentliklari va kompaniyalari vakillari ishtirokiga mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir qatnashchilariga davlatimiz rahbarining “Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” tashabbusi hamda Buxoro, Toshkent, Xiva kabi shaharlarimizning tarixiy-madaniy merosi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Bunday tadbirlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va xalqlarimiz o‘rtasida o‘zaro qiziqishni oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Latviyalik sayyohlik operatorlari O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuksak baho berdi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekistonning Latviyadagi turizm brendi elchisi etib tayinlangan Vladimir Koryaginga maxsus sertifikat topshirildi.
Uchrashuv yakunida sayyohlik almashinuvlarini faollashtirish, shu jumladan yaqin vaqt ichida Boltiqbo‘yi mamlakatlarining turistik kompaniyalari vakillari uchun O‘zbekistonga info-tur tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.