Pokiston kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Pokiston Islom Respublikasining charm sanoati yo‘nalishida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Akbar Sultonov ishtirok etdilar.
Pokistondan tashrif buyurgan delegatsiya tarkibida “Alliance Plus Co./Pak Overseas Enterprises”, “Mamba Fashion”, “Jannat Leather Industries”, “Fahim Brothers” , “MD Tannery Works”, “Saeed Leather”, “Palm & Finger Co.” nufuzli kompaniyalar rahbarlari qatnashdilar.
Mehmonlar bilan investitsiya imkoniyatlari, soliq va bojxona imtiyozlari, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda Markaziy Osiyo va Rossiya bozorlariga re-eksport masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, charm mahsulotlarini qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari ham ko‘tarildi.
Pokiston bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini oshirishi, mintaqaviy bozorlar uchun raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘l ochishi taʼkidlandi.
Uchrashuv O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, yangi investitsiyaviy loyihalar, texnologiyalar almashinuvi va savdo munosabatlarini yana-da kengaytirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.