Raqobat qo‘mitasi Uzum Market va Bo‘ston Food korxonalariga yaroqlilik muddati buzilgan yog‘ tufayli yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini yukladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qo‘mita tomonidan “UZUM MARKET” MCHJ XK marketpleysidan xarid qilingan “Oila Tanlovi” (podsolnechnoye maslo rafinirovannoye dezodorirovannoye) nomli yog‘ mahsulotining texnik jihatdan tartibga solish hujjatlarining talablariga muvofiqligi yuzasidan kelib tushgan murojaat o‘rganildi.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida aniqlanishicha “UZUM MARKET” MCHJ XK buyurtmasi asosida “BO‘STON FOOD COMPANY” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur mahsulot qadog‘ida yaroqlilik muddati o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan GOST 1129-2013 sonli normativ hujjat talablariga nomuvofiq ravishda, asoslanmagan holda ruxsat berilgan 6 oylik muddat o‘rniga 12 oy deb ko‘rsatilgan. Shuningdek, mahsulot qadog‘ida (UzTR №724) texnik reglament ko‘rsatilmay, eski reglament ko‘rsatilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha “UZUM MARKET” MCHJ XK va “BO‘STON FOOD COMPANY” MCHJ tomonidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi talablari buzilgan deb topilib, ushbu qonun buzilish holatlarini korxonalarga quyidagi tartibda bartaraf etish tavsiya etilgan:
bir oylik muddatda yaroqlilik muddati 12 oy deb ko‘rsatilgan jami 145 mingga yaqin “Oila Tanlovi” nomli yog‘ mahsulotini isteʼmolchilardan qaytarib olish (to‘langan mablag‘larni qaytarish) yoki aynan shunday maqbul sifatli tovarga almashtirish orqali bartaraf etish;
yoki isteʼmolchilarning huquqlari buzilishi natijasida korxonalar tomonidan olingan jami 1,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni isteʼmolchilarga, ularni aniqlash imkoniyati bo‘lmaganda esa respublika byudjetiga qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilinib, tegishli ko‘rsatma berilgan.
Shundan so‘ng, yuqoridagi subyektlar Qo‘mita Maxsus komissiyasi qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib uni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizalari bir nechta sud instansiyalarida ko‘rib chiqilib, tegishli hal qiluv qarorlari bilan ariza talablari qanoatlantirilmadi va Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirildi.