Raqobat qo‘mitasi VFS Global‘ga davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi haqida ogohnoma yubordi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida reklama va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
So‘nggi vaqtlarda Qo‘mitaga viza rasmiylashtirish xizmatlari bilan bog‘liq murojaatlar, xususan, viza markazlari va konsalting firmalarining faoliyatida davlat tiliga rioya qilinmayotgani yuzasidan fuqarolardan ko‘plab eʼtirozlar kelib tushmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyatidan fuqaro X.Eshonqulov “VFS Global” vakolatxonasi xizmatlarida (ovozli menyu, operatorlar, hujjatlar) davlat tili qo‘llanilmayotgani hamda ish yuritish hujjatlarining faqat rus va ingliz tillarida bo‘layotganidan noroziligini bildirgan.
“Davlat tili haqida”gi Qonun talablaridan kelib chiqib, ushbu holat bo‘yicha Qo‘mita tomonidan kompaniyaga tegishli choralar ko‘rish va 10 kun ichida javob taqdim etish yuzasidan rasmiy murojaat yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasida o‘zbek tili davlat tili maqomiga ega bo‘lib, “Davlat tili haqida”gi Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan uning qo‘llanilishi qatʼiy tartibga solingan.
Qo‘mita tomonidan ushbu holat bo‘yicha belgilangan tartibda chora-tadbirlar ko‘rilmoqda hamda davlat tilida isteʼmolchilarga to‘liq va tushunarli axborot taqdim etilishini taʼminlash masalasi nazoratga olingan.