Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
Texnologiyalar 11/06/2025 Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi Beeline‘dan abonent roziligisiz kunlik to‘lovlarni avtomatik usulda undirishni to‘xtatishni talab qildi

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi Beeline‘dan abonent roziligisiz kunlik to‘lovlarni avtomatik usulda undirishni to‘xtatishni talab qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Beeline”ga oylik va kunlik abonent to‘lovi yechish shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Qo‘mitaga 2024 yilda kelib tushgan murojaatlarning 8,2 foizi va joriy yilning dastlabki 4 oyi davomidagi 8,9 foizi telekommunikatsiya xizmatlari sohasiga to‘g‘ri keladi.

Bularning ko‘p qismi “Beeline” mobil aloqa xizmatlari bilan bog‘liq bo‘lib, asosiy shikoyatlar tarif narxlari oshishi, qo‘shimcha xizmat va pullik kontent xizmatlarga ulanishi, hisob-kitoblardagi muammolar, xizmat sifati va boshqa masalalarga taalluqlidir.

Mazkur murojaatlarda, oylik abonent to‘lovini to‘lash uchun hisobda yetarli mablag‘ bo‘lmagan holda, abonentlarning roziligisiz avtomatik tarzda kunlik tarif rejasiga ulanishi, kunlik to‘lov yechib olinganidan so‘ng trafikdan foydalanish imkoniyati berilmayotganligi hamda boshqa noqulayliklar mavjudligi bildirilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, kunlik abonent to‘lovi “Yana”, “Hammasi ZO‘R”, “Multi Kuch” hamda yana 10 ga yaqin tariflarda quyidagi shartlar amal qiladi:

Oylik abonent to‘lovini yechish paytida mablag‘ yetarli bo‘lmasa, avtomatik ravishda kunlik abonent to‘lovi (2000 so‘m) yechiladi.

Kunlik abonent to‘lovi avtomatik yechiladi va uni rad etish yoki o‘chirish imkoniyati mavjud emas.

Kunlik to‘lov to‘liq amalga oshmasa, hisob minusga tushiriladi va raqam bloklanadi. Bloklangan holatda taqdim etilgan trafikdan foydalanish imkoniyati berilmaydi. Blokdan chiqish uchun balansni ijobiy holatgacha to‘ldirish kerak;

Kunlik abonent to‘lovi, abonent hisobida oylik to‘lov uchun yetarli mablag‘ to‘planguncha avtomatik tarzda yechiladi. Mablag‘ yetarli bo‘lganda, oylik to‘lov yechilib, to‘liq oylik paket taqdim etiladi. Keyingi oylik to‘lov muddati shu sanadan boshlab bir oyga suriladi.

Shuningdek, amaldagi (faqat yangi ulanishlar uchun) Standart, Yashin, Aniq, Erkin, Start tarif rejalarida ham abonent balansida bir oylik abonent to‘lovi uchun yetarli mablag‘ bo‘lmasa unda bir kunlik abonent to‘lovi yechiladi.

Kunlik tarif rejasini ixtiyoriy ravishda yoqish yoki o‘chirish, xizmatni rad qilish imkoniyati isteʼmolchida mavjud emas!

Mazkur kunlik tarif rejasining qo‘llanilishi isteʼmolchilar huquqlari kamsitilishiga va bir qator qonunchilik hujjatlari talablari buzilishiga olib kelmoqda. Xususan:

Balansda kunlik to‘lov uchun mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, hisob minusga tushirilib, raqam bloklanmoqda.

Balans minusga yechilganligi natijasida raqam bloklanmoqda. Blok holatida esa, kunlik abonent to‘lovi doirasida taqdim etilgan trafikdan foydalanish imkoni taqdim etilmayapti. Yaʼni, 2000 so‘m hisobiga sotib olingan kunlik trafikdan foydalanish imkoniyati berilmasdan, ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinmoqda.

Kunlik abonent to‘lovi avtomatik yechiladi – uni o‘chirib bo‘lmaydi. Bu holatda, isteʼmolchilar kunlik abonent to‘lovi xizmatdan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Isteʼmolchilarga kunlik tarifdan foydalanishni ixtiyoriy tanlash, yoqish yoki o‘chirish imkoniyati mavjud emas.

Yuqoridagilarga asosan, isteʼmolchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida ayrim tarif rejalarining oylik va kunlik abonent to‘lovini yechish shartlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Qo‘mita tomonidan “UNITEL” MCHJga ko‘rsatma xati yuborildi.

Bunda: oylik abonent to‘lovi yechish vaqtida mablag‘ yetarli bo‘lmasa, kunlik abonent to‘lovi avtomatik tarzda yechib olinishini bekor qilish.

Abonentga kunlik xizmatdan foydalanishni ixtiyoriy ravishda (masalan, USSD-kod orqali) tanlash imkoniyatini berish.

Abonent hisobidan oylik yoki kunlik abonent to‘lovlarini qarzga yechishga yo‘l qo‘ymaslik hamda joriy etiladigan o‘zgarishlar haqida abonentlarni o‘z vaqtida xabardor qilish.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling