Samarqand viloyatidagi Omonqo‘ton qishlog‘i “Turizm qishlog‘i”ga aylantirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyati, Urgut tumanida “Omonqo‘ton” turizm qishlog‘ining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyazov, viloyat va tuman hokimliklari rahbariyati, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda Samarqandda turizm sohasiga berilayotgan e’tibor, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va turizm qishloqlari orqali hududlar iqtisodiyoti va jozibadorligini oshirish imkoniyatlariga to‘xtalib o‘tdilar.
Omonqo‘ton mahallasi Samarqand viloyatidagi eng katta va tashrif buyuruvchilar soni ko‘pligi bilan ajralib turadigan hudud hisoblanadi. Mahallaga yoz mavsumida bir kunda 5-10 ming nafargacha dam oluvchilar va sayyohlar keladi. Hududning bahavo tabiati, baland tog‘lari, soyidan oquvchi zilol suvi kishilarni jalb qiladi.
Mahallaga tashrif buyuruvchilar uchun bir qator qulayliklar yaratish maqsadida infratuzilma yaxshilandi.
Hozirgi kunda sayyohlar uchun 50 dan ortiq oilaviy mehmon uylari, kapsulali joylashtirish vositalari va boshqa xizmat ko‘rsatish shaxobchalari faoliyat yuritib kelmoqda.