Senatda Gruziyaning elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Gruziyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi David Kotariya bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanayotgani, xususan, parlamentlararo hamkorlik kengayib borayotgani alohida taʼkidlandi. Ikki mamlakat qonunchilik organlari o‘rtasidagi barqaror muloqot amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Parlamentlarning do‘stlik guruhlari o‘rni va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Parlamentlararo aloqalarni yana-da kuchaytirish maqsadida do‘stlik guruhlari ishini faollashtirish, jumladan, onlayn uchrashuvlar, o‘zaro tashriflar va qonunchilik sohasida tajriba almashish zarurligi qayd etildi.