Senatda Ozarbayjon Milliy Mejlisi devoni rahbari boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 10-sentabr kuni Oliy Majlis Senati devoni rahbari Qudrat Nurullayevning Ozarbayjon Milliy Mejlisi Devoni rahbari Farid Gadjiyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari mustahkam tarixiy aloqalarga, umumiy madaniy va maʼnaviy qadriyatlarga tayangani taʼkidlandi. Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik yangi darajaga ko‘tarildi.
Xususan, uchrashuvda Xiva shahrida Birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha "yo‘l xaritasi" imzolangani qayd etildi. Erishilgan kelishuvlarni yana-da ilgari surish hamda parlamentlar rahbariyati darajasida va ularning devonlari o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish muhim ekani taʼkidlandi.
Muloqot davomida ikki mamlakat parlamentlari devonlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari ham diqqat markazida bo‘ldi. Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlament ekspertizalarini o‘tkazish, axborot-tahliliy ishlar, xalqaro reytinglardan foydalanish, innovatsion raqamli yechimlarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda sheriklikning aniq yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo aloqalarni yana-da rivojlantirish, doimiy konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ikki mamlakat parlamentlari devonlari o‘rtasida amaliy o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.