SMTI delegatsiyasi Afg‘onistondagi konferensiyada ishtirok etdi — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 09/09/2025
$1 – 12439.41
UZS – -0,65%
€1 – 14583.96
UZS – -0,34%
₽1 – 151.87
UZS – -1,19%
Qidirish
SMTI delegatsiyasi Afg‘onistondagi konferensiyada ishtirok etdi

SMTI delegatsiyasi Afg‘onistondagi konferensiyada ishtirok etdi

SMTI delegatsiyasi Afg‘onistondagi konferensiyada ishtirok etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 6-7-sentyabr kunlari Kobul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov boshchiligidagi delegatsiya "Investitsiyalarni jalb qilish va elektr energetika sohasini qo‘llab-quvvatlash" mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Afg‘onistonning "Da Afghanistan Breshna Sherkat" (DABS) davlat energetika kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbir bir maydonda 22 mamlakat vakillarini jamladi. Ular orasida Afg‘oniston hukumati, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston energetika vazirliklari rahbariyati va mutaxassislari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari bor.

Tadbirda so‘zga chiqqan Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar energetika muhim tarmoq bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning asosi bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Afg’oniston gidro, shamol va quyosh energiyasi bo‘yicha katta salohiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi. “Ushbu resurslardan samarali foydalanish nafaqat Afg‘onistonni elektr energiyasi bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga, balki ushbu yo‘nalishda eksportchiga aylanishiga ham imkon beradi”, - deya qo’shimcha qildi u.

Shu nuqtayi nazardan, u xorijiy davlatlarni iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni boshlashga chaqirdi.

Bu fikrni qo‘llab-quvvatlagan Bosh vazirning ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salam Hanafiy ham Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash uchun energetika sohasini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Uning aytishicha, "bugungi kunda mamlakat 3500 megavatt energiya talab qiladi. 2032-yilga borib bu koʻrsatkich 6000 megavattgacha koʻtariladi. Biroq hozirda Afgʻonistonda ishlab chiqarilgan va import qilinadigan elektr energiyasining umumiy hajmi bor-yoʻgʻi 1300 megavattni tashkil etadi". Shu munosabat bilan A.Hanafiy mintaqa davlatlarini Kobul bilan bu boradagi hamkorlikni faollashtirishga chaqirdi.

"Afg'oniston dunyo bilan adovat emas, konstruktiv hamkorlikka intiladi". Shu munosabat bilan barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mamlakatga aniq iqtisodiy va infratuzilma loyihalari zarur”, - deydi u. Bu Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash va Kobulni mintaqaviy aloqalarga jalb qilish uchun imkoniyatlar ochadi.

O‘z navbatida, DABS rahbari Abdul Bari Omar Afg‘oniston eshiklari barcha xorijiy investorlar uchun ochiq ekanligini alohida qayd etdi.

Shu o‘rinda Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistonga import qilinadigan 6 milliard dollardan ortiq elektr energiyasining qariyb 90 foizini qoplash orqali energiya xavfsizligini ta’minlashga ulkan hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi. Bunda ko‘rsatilgan umumiy hajmning 32 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Konferensiya davomida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov boshchiligidagi delegatsiya tomonidan umumiy qiymati 250 million dollarlik o‘zaro manfaatli shartnomalar va yirik sarmoyaviy loyihalar imzolandi, ularda mavjud podstansiyalarni kengaytirish va yangilarini qurish, yangi elektr uzatish liniyalarini yotqizish ko‘zda tutilgan.

“Surxon-Puli-Xumri” 500 kV elektr uzatish liniyasini qurish, “Dashti-Alvon” va “Argandi” podstansiyalarini kengaytirish, 220 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyasini modernizatsiya qilish bilan “Shayx Mesri” podtansiyasigacha uzaytirish shular jumlasidandir. Ularni amalga oshirish keyingi 18 oyga rejalashtirilgan.

Umuman olganda, mazkur loyihalarning amalga oshirilishi energiya xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bu, o‘z navbatida, yangi sanoat quvvatlarini shakllantirish, ish o‘rinlarini yaratishga turtki beradi. Uzoq muddatli istiqbolda energetika aloqalarini chuqurlashtirish Afg‘onistonning mintaqaviy aloqalarga integratsiyalashuvini mustahkamlaydi.

Kobulda bo‘lish doirasida DABS bosh direktori A.Omar bilan uchrashuv o‘tkazildi. U quyidagilarni ta’kidladi: "O‘zbekiston – ikki tomonlama hamkorligimiz izchil ravishda rivojlanib borayotgan yaxshi qo‘shni. Afg‘oniston Toshkent bilan o‘zaro munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirish niyatida".

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling